20:27 / 12.08.2015
4380

Shahzoda Garri “Taxtlar o‘yini” serialida rol ijro etishi mumkin

“Taxtlar o‘yini” (“Igra prestolov”) serialining yangi mavsumida epizodik rollardan birida Buyuk Britaniya shahzodasi Garri rol ijro etishi mumkin. Britan OAVlarining ma'lum qilishicha, HBO telekanali rahbariyati qirolicha Yelizaveta II ning nevarasiga serialda rol taklif etdi va shahzodaning talablariga ko‘ra suratga olish jadvaliga o‘zgartirish kiritishga ham tayyor.

Bunda hal qiluvchi so‘zni qirolicha Yelizaveta II aytishi taxmin qilinmoqda. Garrining o‘zi esa rol ijro etishga moyillik bildirmoqda. Bu tashabbus nima bilan tugashini 2016 yilning apreliga yaqin, serialning oltinchi mavsumi boshlanganda bilish mumkin bo‘ladi.

Agar shahzoda Garri serialda rol ijro etsa, bu haqiqiy shahzodaning AQSh teleserialida ilk bor paydo bo‘lishi bo‘ladi. Bungacha faqatgina York gersoginyasi Sara Fergyuson “Do‘stlar” serialida rol ijro etgan.

“Taxtlar o‘yini” seriali yozuvchi Jorj Martinning 1996 yildan hozirgi kungacha chop etilayotgan “Muz va Olov qo‘shig‘i” fantastik afsonasining sahnalashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Serial 2011 yil apreldan beri namoyish etib kelinadi. 

Top