09:33 / 12.08.2015
2833

Xitoylik talabalar Rossiya oliygohlaridagi xorijliklar ichida son jihatdan ikkinchi o‘rinni egalladi

O‘tgan yili Rossiya oliygohlaridagi xorijlik talabalar soni 11.9 foizga o‘sib, 156 211 kishini tashkil qildi. Bu ma'lumot Rossiya ta'lim vazirligi ijtimoiy tadqiqotlar markazining hisobotida keltirildi.
Ma'lum bo‘lishicha, Rossiyaning 673 oliygohida 2014 yili 168 mamlakat fuqarolari tahsil olgan.
Chet ellik talabalar soni asosan MDH davlatlari (asosan Qozog‘iston, Turkmaniston va Ukraina) vakillari hisobiga o‘sgan. Ayrim davlatlar vakillarining soni qisqarib borgan, ular orasida birinchi o‘rinda AQSh turibdi. AQSh vakillarining soni bir yil ichida 2118dan 1630ga, Myanma vakillari 1383dan 1093ga, Braziliya vakillari 740dan 530ga kamaygan.
Rossiyada tahsil olayotgan xorijliklarning eng katta qismi Qozog‘iston fuqarolaridir – 27 500 kishi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy (18 200), uchinchi o‘rinda Turkmaniston (12 100) turibdi.
Mintaqalar bo‘yicha birinchilik MDHga tegishli – o‘tgan yili ularning soni 69 689 kishini tashkil qilgan bo‘lsa, endi 80 910 kishiga yetdi. Osiyo mamlakatlari vakillari soni 39 162 nafardan 41 722 nafarga, Afrika mamlakatlari vakillari soni 8 379 nafardan 9 319 nafarga yetdi.

Top