12:20 / 12.08.2015
3523

Xitoyliklar titan kuzovga ega superkar namoyish qilishdi

Xitoyning Icona avtomobilsozlik kompaniyasi 2013 yil ilk bor Shanxay avtosalonida namoyish qilingan o‘zining kichik seriyali Vulcano superkarining yangi versiyasining rasmiy suratini namoyish qildi. Mashina yangi modifikatsiyada karbon elementlarga ega titan kuzov bilan jihozlandi.

Titandan ishlangan “Vulqon” 10 avgustda e'lon qilindi. Shu kuni chop etilgan suratlarda mashinaning bo‘yalmagan namunasi namoyish qilindi. Endi bir dona nusxada ishlab chiqarilgan mashina qizil rangda ko‘rsatildi.

Avtomobilni yaratish bilan Toyota, Maserati va Lancia kompaniyalari bilan hamkorlik qiluvchi Turindagi Cecomp kuzov atelesi shug‘ullandi. Kuzov elementlari titandan dastaki usulda tayyorlandi, ularni yaratish uchun ishchilar 1000 soat vaqt sarflashdi. Yangi mashinaning og‘irligi 1590 kg ni tashkil qildi.

Mashinaning 670 ot kuchiga ega dvigatelini Scuderia Ferrari’ning sobiq muhandisi Klaudio Lombardi yaratdi. Dvigatel Chevrolet Corvette ZR1 mashinasining 6,2-litrli 8 silindrli dvigateli asosida yasaldi. Mijozning istagiga ko‘ra dvigatelning quvvatini 1000 ot kuchiga yetkazish mumkin. “Vulqon” 0 dan 100 km/soatgacha 2,8 soniyada erishadi, maksimal tezligi soatiga 354 km ni tashkil qiladi.

Superkar 16 avgustda AQShning Pebbl-Bich shahrida o‘tadigan bashanglik tanlovida omma ixtiyoriga namoyish qilinadi. Shu tanlovda Icona kompaniyasi Vulcano’ning dizayni Lockheed SR-71 Blackbird razvedkachi samolyoti uslubida bajarilgan takomillashtirilgan versiyasini ham namoyish qiladi.

Top