12:53 / 13.08.2015
7517

“O‘zneftmahsulot” haydovchilarni AYoQShlar oldida yuzaga kelayotgan navbatlardan “xavotirlanmaslik”ka chaqirdi

“O‘zneftmahsulot” kompaniyasining rasmiy saytida payshanba kuni e'lon qilingan murojaatnomada haydovchilar Toshkent va ayrim viloyatlarda AYoQShlar oldida yuzaga kelayotgan navbatlardan “xavotirlanmaslik”ka chaqirildi.

“Muhtaram hamyurtlar! Ayni kunlarda respublikamizning ayrim hududlaridagi, shuningdek poytaxtdagi ba'zi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQShlarda) avtobenzinga navbatlar kuzatilmoqda”, – deb boshlanadi “Xavotirga o‘rin yo‘q!” sarlavhali murojaatnoma.

Materilda ta'kidlanishicha, bu vaziyat “O‘zneftmahsulot” bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli yuzaga kelgan:

Kompaniya tez kunlarda benzin narxining yana oshirilishi haqidagi gap-so‘zlarni inkor qildi. Shuningdek, Mustaqillik kuni arafasida shoxobchalarga yetkaziladigan benzin hajmining qisqarishi haqidagi mishmishlar ham inkor qilindi: “Bayram arafasida va undan keyin AYoQShlarga avtobenzin belgilangan hajmlarda va hatto undan ham ko‘proq yetkaziladi”.

Bunday mishmishlarning tarqalishi tufayli avtomobil haydovchilari oldindan ko‘p miqdorda benzin sotib olishga harakat qilmoqda, buning natijasida ayrim shoxobchalarda yoqilg‘i yetkazish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqmoqda. Bundan tashqari, kompaniya benzin zaxirasini uyda yoki garajda saqlash xavfli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Murojaatnomada vaziyatni barqarorlashtirish uchun kompaniya neftni qayta ishlash zavodlarida avtobenzin ishlab chiqarish miqdorini mumkin qadar ko‘paytirish, shu jumladan chetdan qo‘shimcha miqdorda uglevodorod xom ashyosini keltirish va iste'molchilarni avtobenzin bilan tegishli miqdorda ta'minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rayotgani ta'kidlandi.

Top