15:08 / 13.08.2015
5031

Ochiq ma'lumotlar portalini rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

2015 yilning mart oyida sinov rejimida ishga tushirilgan O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali faoliyatini takomillashtirish, istiqbolda rivojlantirish yuzasidan 2015 yilning 7 avgustida Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Ochiq ma'lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 232-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qaror «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, qonun maqsad-vazifalarini amalga oshirish, amalda tatbiq etish maqsadida qabul qilingan.

Ochiq ma'lumotlar portali O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali (www.gov.uz) doirasida faoliyat ko‘rsatadi. Portal jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlari faoliyatiga oid ma'lumotlarni mashina o‘qiydigan shaklda erkin foydalanish uchun bepul taqdim qiladi.

Portalni rivojlantirishga oid hukumat qaroriga muvofiq tasdiqlangan nizomda mazkur elektron resursni rivojlantirish, foydalanuvchilar uchun zarur ma'lumotlarni taqdim qilish mexanizmini takomillashtirish, Portal operatori va ma'lumotlarni taqdim qiluvchi mas'ullar, Portal foydalanuvchilari bilan o‘zaro aloqalarni tartibga solish kabi chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ochiq ma'lumotlar portali faoliyatini shakllantirib borish va istiqbolda rivojlantirish uchun mas'ul davlat organi etib belgilandi. Nizomda nazarda tutilganidek, davlat organlari o‘z vaqtida Ochiq ma'lumotlar portalini kerakli axborotlar bilan ta'minlash va ma'lumotlarni yangilab borishga bevosita javobgar hisoblanadi. Shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklarning veb-saytlarida «Ochiq ma'lumotlar» bo‘limini tashkil qilish va ma'lulmotlar bilan muntazam to‘ldirib borish vazifasi yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy saytlarida va Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilinishi lozim bo‘lgan ochiq ma'lumotlar to‘plamlari ro‘yxati tasdiqlanib, Hukumat portalida e'lon qilinadi.

Bugungi kunda Ochiq ma'lumotlar portalida 50 ta davlat organlarining 511 turdagi ochiq ma'lumotlari e'lon qilingan va 83 ming marotabadan ziyod foydalanilgan. Jumladan, Xalq ta'limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Markaziy bank, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan ochiq ma'lumotlar taqdim qilib kelinmoqda.

Top