19:19 / 13.08.2015
5184

O‘zbekiston xorijiy investorga “Kvarts” AJning 75 foiz aksiyasini sotmoqda

O‘zbekiston xorijiy investorga Farg‘ona viloyatidagi “Kvarts” AJning 75 foiz aksiyasini sotmoqda. Korxonaning 24,9 foizi “O‘zqurilishmateriallar” AK ixtiyorida qoladi.

“O‘zqurilishmateriallar” AK saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, “Kvarts” AJ Markaziy Osiyodagi listli rangli, tonirovka qilingan va toblangan oynalar, shisha idishlar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona hisoblanadi. 1975 yildan ishga tushirilgan.

Korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ichki ehtiyojlarni to‘la qoplaydi va Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga eksport qilinadi.

Korxonaning shisha bankalar ishlab chiqarish sexi yiliga 219 mln ta banka, 33,6 ta shisha butilka ishlab chiqarishga mo‘jlallangan.

Korxonada 1996 yildan polirovkalangan listli oyna ishlab chiqarish sexi faoliyat yuritadi. 2002 yilda sex Italiyaning “Tekint” firmasi ishtirokida rekonstruksiya qilingandan keyin liniyaning mahsuldorligi yiliga 10 mln kv metr listli polirovkalangan oynagacha ko‘paydi.

2010 yilda korxona avval mamlakatga Xitoy, Rossiya, Turkiyadan keltirilgan bronza shishani ishlab chiqarish texnologiyasini o‘zlashtirib oldi.

Top