14:57 / 13.08.2015
2479

Qirg‘iziston tog‘larida yana bir xorijlik alpinist vafot etdi

Qirg‘izistonda dunyodagi eng baland cho‘qqilardan birini zabt etish vaqtida ispaniyalik alpinist vafot etdi, deyiladi Qirg‘iziston qurolli kuchlari axborot ta'minoti boshqarmasi xabarida.

Taxminiy ma'lumotlarga ko‘ra, alpinist Xose Xernandes o‘tkir yurak yetishmovchiligi xastaligidan vafot etgan.

Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi vertolyotida olti nafar ispaniyalik alpinist hamda ularning olamdan o‘tgan sherigi jasadi O‘sh shahriga evakuatsiya qilindi.

“13 avgust kuni Qirg‘iziston Respublikasi harbiy havo kuchlari aviatsiyasi Lenin cho‘qqisining 4000 metr balandlikdagi Ochiq-tosh maydonchasidan yetti nafar ispaniyalik alpinistlar olib ketildi”, deyiladi xabarda.

Bu qirg‘iz harbiylarining Janubiy mintaqadagi jangovar navbatchiligi vaqtida oy boshidan buyon to‘rtinchi marotaba qutqaruv ishlarini amalga oshirishidir. Unga qadar 2 avgustda Lenin cho‘qqisi hududidagi cho‘qqilardan birini zabt etishga intilgan uch nafar rossiyalik jasadi olib ketilgan bo‘lsa, bir necha kundan so‘ng yana bir rossiyalik sportchining vafot etgani ma'lum bo‘ldi. Uning jasadi bilan birga jarohat olgan fransuz alpinisti ham evakuatsiya qilindi. 10 avgust kuni esa qirg‘izistonlik vertolyotchilar jarohat tufayli Gatjir muzligini zabt eta olmagan to‘rt nafar rossiyalik alpinistni qutqardi.

Top