23:41 / 13.08.2015
2501

Rossiya Oliy sudi Mudofaa vazirligi yo‘qotishlarini maxfiylashtirish haqidagi farmon yuzasidan bildirilgan shikoyatni rad etdi

Rossiya Oliy sudi tinchlik paytida Mudofaa vazirligi yo‘qotishlarini maxfiylashtirish haqidagi farmon yuzasidan bildirilgan shikoyatni rad etdi.

28 mayda Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat sirlariga mansub ma'lumotlar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi farmonni imzolagan edi. Unga ko‘ra bu ro‘yxatga Mudofaa vazirligining “tinchlik paytida maxsus operatsiyalarni o‘tkazish davomidagi” yo‘qotishlari haqidagi ma'lumotlar ham kiritilgan edi.

16 iyunda advokatlar guruhi Rossiya Oliy sudiga prezidentning farmoniga qarshi da'vo arizasi topshirgan edi.

Oliy sud davlat siriga mansub ma'lumotlar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kirituvchi farmonga tuzatishlar Konstitutsiya tomonidan kafolatlanadigan axborotni olish va uni tarqatish huquqini buzmasligi haqidagi qarorga kelgan.

Oliy sud yig‘ilishida Putinning vakili Oliy suddan Qurolli kuchlar yo‘qotishlarini maxfiylashtirish yuzasidan bildirilgan shikoyat “bunday ma'lumotlarni oshkor etish davlat xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi” sabab rad etilishini so‘ragan edi.

Aniqlanishicha, tinchlik paytida harbiylarning yo‘qotishlarini maxfiylashtirish tashabbusi bosh vazir Dmitriy Medvedev tomonidan bildirilgan.

Top