14:48 / 14.08.2015
3048

«Dii Tsaytszin jibao»: Tyantszindagi portlashda 5 mingta avtomobil yonib ketgan

Tyantszindagi portlash natijasida Xitoyning turli hududlariga tarqatilishi kutilayotgan 5000ta yangi avtomobil yonib ketgan.

Jumladan, "Dii Tsaytszin jibao" nashrining ma'lum qilishicha, portlash markazidan 500 metrlar uzoqlikdagi avtoturargohda 2500ta Volkswagen, 1500ga yaqin Renault avtomobillari saqlanayotgan bo‘lgan. Avto ishlab chiqaruvchilar ko‘rgan zarar miqdori bir necha o‘n million dollar deb baholanmoqda.

Shuningdek, avtoturargohda BMW, Toyota, Mazda mashinalari ham bo‘lgan. Nashrning qayd etishicha, mazkur avtokompaniyalar hozircha ko‘rilgan zarar miqdorini oshkor qilishgani yo‘q. Biroq port ishchilari bu yerda 5000 atrofidagi avtomobil yonib ketganini ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni kechqurun Tyantszin portidagi Tianjin Dongjiang Port Rui Hai International Logistics Co. Ltd. Logistika kompaniyasiga tegishli xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonada ikki marta kuchli portlash sodir bo‘lgan edi. Yangi olingan ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa tufayli hayotdan ko‘z yumganlari soni 55 kishidan oshgan, 700 nafardan ziyod jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan.

Ayni paytda qutqaruv operatsiyasi va portlash asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha boshqaruv shtabiga Davlat xavfsizligi vaziri Guo Shenkun rahbarlik qilmoqda.

Top