11:59 / 14.08.2015
2477

O‘zbekistonlik ayol bokschilar xalqaro maydonda ilk medallarni qo‘lga kiritishdi

Xitoyning Ulanchab shahrida boks bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionati nihoyasiga yetdi.

Qit'aning yetakchi charm qo‘lqop ustalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari 2 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

O‘zbekiston termasi hisobiga kumush medallarni Shahnoza Nizomova (-69 kg) va Go‘zal Ismatova (+81 kg) keltirishgan bo‘lsa, Yodgoroy Mirzayeva (-57 kg) hamda Dilnavoz Norxo‘jayeva (-81 kg) bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston ayollar boksi tarixida shu kunga qadar hech bir sportchi Osiyo chempionatida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritmagan edi. Raxmatjon Ro‘zioxunov boshchiligida Xitoyga yo‘l olgan terma jamoa a'zolarining bir yo‘la to‘rt nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi.

O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari 16 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:30da O‘zbkekistonga qaytib keladi.

Top