16:57 / 14.08.2015
4401

Toshkentdagi Pushkin haykali «O‘zbekengilsanoat» kompaniyasi binosi oldiga o‘rnatildi

Atoqli rus shoiri va yozuvchisi Aleksandr Pushkinning Toshkent shahridagi haykali yangi joyga ko‘chirildi. Bu haqda feysbukdagi «Potrebitel.Uz» guruhi foydalanuvchilari ma'lum qilishgan.

Tarmoqqa joylashtirilgan suratlardan ko‘rinishicha, eski joyidan ko‘chirib olib kelingan shoir haykali Bobur va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasi oldidagi «O‘zbekengilsanoat» kompaniyasi binosi oldiga o‘rnatilgan. Maydon atrofidagi hududlarda esa obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan oldinroq, Pushkin haykali Rus milliy madaniy markazi iltimosiga ko‘ra yangi joyga ko‘chirilishi xabar qilingandi.

Ko‘chirish arafasida bu haykal restavratsiya qilindi va avvalgisiga nisbatan balandroq shohsupaga o‘rnatildi.

Haykal atrofida Pushkin davrini eslatadigan chiroqlar va o‘rindiqlar o‘rnatiladi.

Haykal 1974 yili buyuk rus shoirining 175 yillik yubileyi munosabati bilan o‘rnatilgan edi.

Top