22:32 / 14.08.2015
11648

Turkiya prezidenti boshiga kaklik qo‘ndi

Turkiyada Hoji Hofiz Yusuf Yilmaz nomidagi masjidning tantanali ochilishi marosimida Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning boshiga kaklik o‘tirib oldi. Bu haqda Turkiye nashri xabar bermoqda.

Ushbu masjid qurilishi loyihasi Erdo‘g‘anning shaxsan o‘zi ishtirokida ishlab chiqilgan, qurilish 3 yil davom etgan. Erdo‘g‘anning o‘zi masjidni “turk xalqi sivilizatsiyasini o‘zida aks ettiruvchi serhasham inshoot” deb atadi va bu masjid o‘ziga dindorlarni va sayyohlarni jalb qilishiga umid bildirdi.

Erdo‘g‘an nutq so‘zlagandan keyin an'anaga ko‘ra kabutarlarni ozodlikka chiqarib yuborish uchun kabutarlar saqlanadigan qafasga kelib, kabutarlarni ozodlikka chiqarib yuborganda unga to‘satdan kaklik “hujum” qilib qoldi: qush birinchi prezidentning orqasiga qo‘nib, keyin boshiga o‘tirib oldi. Qo‘riqchilar qushni haydab yuborishlariga to‘g‘ri keldi.

Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2003-2014 yillar davomida Turkiya bosh vaziri lavozimida ishlab kelgandan keyin 2014 yilda prezident etib saylandi. Erdo‘g‘an turk madaniy merosiga g‘amxo‘rlik bilan qarashini bir necha bor aytgan va Turkiyada va xorijda yangi masjidlar ochilishida imkoni boricha ishtirok etib keladi. 2014 yilda u Xristofor Kolumb xotiralarida dengizchi tomonidan Kubada masjid topilgani haqida yozuvlar borligini ta'kidlab, hattoki bu masjidni boshqatdan qurishni ham taklif qilgan edi.

Top