12:12 / 15.08.2015
2513

Koreya Yaponiya istibdodidan qutulganining 70 yilligini nishonlamoqda

Bugun har ikki Koreya Yaponiya kolonializmidan xalos bo‘lganining 70 yilligini nishonlaydi. 1945 yilning 15 avgust kuni militaristik Yaponiya kapitulyatsiya e'lon qilishi bilan uning mustamlakalari ham mustaqillikka erishgan edi. Ushbu sana Koreyada har yili nishonlanadi.
Bundan roppa-rosa 70 yil muqaddam Koreya Yaponiya istibdodidan ozod bo‘lgan edi. Ammo koreys xalqi yangi fojiaga duchor bo‘ldi. Buning natijasida yagona davlat ikkiga bo‘linib ketdi. Bir-biri bilan urush holatida bo‘lgan Janubiy va Shimoliy Koreya bugungi kunga qadar keskin munosabatda bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Xitoy TIV rasmiy vakili Xua Chunin Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening uning mamlakati Ikkinchi Jahon urushida o‘ynagan roli haqidagi pozitsiyasidan norozilik bildirdi.
“Bugun, jahon hamjamiyati Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligini nishonlayotganida, Yaponiya militarizmning xarakteriga aniq baho berishi, javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi, jabrlangan xalqlardan samimiy kechirim so‘rashi, militaristik agressiya tarixi bilan aloqalarni butunlay uzib, ushbu muhim va prinsipial masalani xaspo‘shlash bilan shug‘ullanmasligi zarur”, – dedi Xua Chunin TIV saytida joylashtirilgan bayonotida.
O‘z navbatida, Janubiy Koreya vakillari ham ushbu nutqqa noroziligini bildirdi.
Aytilishicha, o‘z chiqishida Abe Yaponiya hukumatining ilgarigi uzrnomalarini eslab o‘tib, bu borada rasmiy Tokioning yondashuvi o‘zgarmasligini ma'lum qilgan, ammo o‘zi kechirim so‘ramagan. Bundan tashqari, u o‘z nutqida “agressiya” va “kolonial hukmronlik” so‘zlarini tilga olgani bilan, gap Yaponiyaning qo‘shni davlatlardagi jinoyatlari haqida ketayotganini aniq aytmagan.
Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Yun Byon Se yaponiyalik hamkasbi Fumio Kisida bilan telefon muloqoti chog‘ida Seul Tokioning pozitsiyasini o‘rganib chiqishini ma'lum qilgan.

Top