09:57 / 15.08.2015
3103

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga telegramm orqali murojaat qilish mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga telegramm messenjeri orqali ham murojaat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aziz Abduxakimov Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda nogironlar jamoat tashkilotlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan konsultativ uchrashuv vaqtida ma'lum qildi.

Vazirning izoh berishicha, yaqin kunlar ichida fuqarolar o‘zlari duch kelgan muammo, taklif-mulohazalar bo‘yicha vazirlikka telegramm messenjeri orqali ham murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Biror muammoga duch kelgan fuqaro, deylik, jamoat tashkiloti binosiga nogironlar aravachalari uchun mo‘ljallangan panduslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, o‘sha joyni suratga olib, uni manzil haqidagi axborotlar bilan birga telegramm orqali vazirlikka jo‘natsa, qonunda belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘riladi va muammo tezda bartaraf etiladi.

Konsultativ uchrashuv chog‘ida, shuningdek, O‘zbekistonda nogironlar holatini yaxshilash borasida ko‘plab taklif-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Top