12:26 / 15.08.2015
6418

Rossiya TIV: Tokio Ikkinchi Jahon urushi yakunlarini shubha ostiga olmoqda

Yaponiyaning Rossiya rasmiylarining janubiy Kuril orollariga tashrifi haqidagi fikrlari asossiz bo‘lib, rasmiy Tokioning Ikkinchi Jahon urushi yakunlarini shubha ostiga olayotganligini ko‘rsatadi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligi bayonot tarqatdi.
Yaponiyaning Kuril orollariga da'vogarlik qilayotgani haqidagi gap-so‘zlar bir muddat ilgari matbuotda paydo bo‘lgandi. Yaponiya rasmiylari hamda jurnalistlarining Kurilda Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga katta diqqat qaratilishi TIVning e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“Oxirgi paytlarda Yaponiya tomonidan RF hukumati vakillarining janubiy Kuril orollariga safari haqida asossiz fikrlar aytila boshlandi”, – deyiladi hujjatda.
“Yana bir bora eslatib o‘tmoqchi edikki, hukumat a'zolarining ish grafigini yaratishda biz Tokioning nuqtai nazarini e'tiborga olmaymiz; “2016-2025 yillarda Kuril orollarini (Saxalin viloyati) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” federal maqsadli dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday safarlar davom etadi”, – qo‘shimcha qildi TIV.
“Janubiy Kuril orollariga bo‘lgan asossiz da'volarini ommaviy tarzda bayon qilayotgan Yaponiya Ikkinchi Jahon urushining yakunlarini birinchi marta shubha ostiga olishi emas. Bunday xatti-harakatlar ayniqsa butun jahon hamjamiyati uchun muhim sana – urush tugashining 70 yilligi arafasida xavotirga sabab bo‘lmoqda”, – xulosa qilinadi hujjatda.

Top