11:07 / 16.08.2015
5249

Engelgardt: amerikaliklar urush vahshiyliklariga ko‘z yumishni o‘rganishdi

2001 yil 11 sentabrida sodir etilgan terrorchilik aktidan so‘ng AQSh tinimsiz ravishda urushlar, aksilterror operatsiyalari olib borayotganiga, turli ixtiloflarga kirayotganiga, qiynoqqa solish, dronlardan hujum uyushtirish singari ko‘plab ishlarni amalga oshirib kelayotganiga qaramay, mamlakat jamoatchilig bunga hech qanday munosabat bildirmayapti. Vashingtonning harbiy kampaniyalari haqidagi kitob muallifi Tom Engelgardtning aytishicha, amerikaliklar urush haqida eslamaslikka harakat qilmoqda, ular urush vahshiyliklariga o‘rganib bo‘ldi.

The Nation nashrida e'lon qilingan maqolasida jurnalist 1960-70 yillarda mamlakatda avj olgan urushga qarshi harakat bosimi ostida siyosatchilar harbiy harakatlarni professional armiya va xususiy kompaniyalar ixtiyorida qoldirganini eslatib o‘tdi.

Vetnam urushi yillarida amerikaliklar harbiy harakatlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatishgan edi. Engelgardtning ta'kidlashicha, urush amerikaliklar tomonidan “go‘yo qo‘shni ko‘chada bo‘layotgandek” qabul qilingan edi. Vetnam faxriylari OAVga vahshiyliklar, o‘ldirilgan odamlar, mahalliy aholi ustidan napalm quyilish sahnalari qayd qilingan fotosuratlarni yetkazar, harbiy jinoyatlar bo‘yicha sudda o‘zlariga qarshi guvohlik berishga tayyor edi. Aholi buni har doim muhokama qilar, minglab odamlar har kuni ko‘chalarda mitinglar uyushtirar hamda prezidentlar Jonson va Nikson ma'muriyatlariga chinakam boshog‘rig‘i yaratar edi.

Bugun esa AQShda urushga qarshi harakat, Engelgardtning fikricha, mavjud emas. Iroqda yuz minglab, Afg‘onistonda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgani amerikaliklarni tashvishlantirmayapti.
“Urushga qarshi harakatsiz urush AQSh uchun oxiri yo‘q urushga aylanadi”, – xulosa qildi kolumnist.

Top