10:11 / 16.08.2015
5826

Stratfor: Rossiya va Xitoy internetning g‘arbcha konsepsiyasini shubha ostiga qo‘ymoqda

Rossiya va Xitoy yagona jabhadan turib internetning g‘arbcha konsepsiyasini shubha ostiga qo‘ymoqda. Bu haqda AQShning Stratfor razvedka va tahlil kompaniyasi bayonot berdi.
Foydalanuvchilar nuqtai nazaridan internet dunyosi chegaralarga bog‘lanmagan, ammo tarmoq infrastrukturasi geografiya bilan uzviy bog‘liqdir. Geosiyosat tabiiy ravishda internet tomonlariga ta'sir o‘tkazadi.
Internet arxitekturasi va uni nazorat qilish usullari AQShda shakllanganiga qaramay, internet rivojlanishining yagona yo‘nalishini belgilab beruvchi organ mavjud emas. Tarmoqning bugungi konstruksiyasida G‘arb texnologiyalari va kompaniyalari ustunlik qilmoqda, AQSh hukumati esa tarmoq manzillarini boshqarish singari bir qator muhim funksiyalarga ta'sir o‘tkazishda davom etmoqda.
Shu bois Rossiya va Xitoy tarmoq xavfsizligi masalasiga jiddiy e'tibo qaratmoqda. ShHT va BRIKS doirasida ushbu davlatlar AQShning nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki virtual hukmronligiga qarshi harakat qilmoqda.
1 sentabrdan Rossiyada rossiyaliklarning mamlakat tashqarisida joylashgan serverlaridagi ma'lumotlar bazalari lokalizatsiyasi haqidagi qonun kuchga kiradi. Bu Google, Facebook, Twitter singari kompaniyalarni Rossiya hududida axborotni qayta ishlash markazlarini barpo etishga undaydi. Xitoy esa bu borada yanada qattiqroq yo‘l tutib, o‘z muqobil dasturlarini ilgari surmoqda.
Snouden va Assanjlar amalga oshirgan ishlardan so‘ng Rossiya bilan Xitoy taklif qilinayotgan yo‘l G‘arb davlatlariga ham ma'qul kelmoqda, deb hisoblaydi mutaxassislar. Bu axborotni boshqarish va nazorat qilish ishini bir qadar osonlashtiradi.

Top