09:29 / 16.08.2015
2373

Xitoyda portlashlar haqida mishmish tarqatishda gumon qilingan 50ta sayt yopib qo‘yildi

Xitoy hukumati Tyantszinda sodir bo‘lgan portlashlar haqida mishmishlar tarqatishda ayblab 50ta saytni yopib qo‘ydi. Bu haqda XXR kibermuhit nazorati departamentiga tayangan holda Sinxua agentligi xabar bermoqda.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, bu saytlar tekshirilmagan axborotni chop etib, aholi orasida vahima keltirib chiqargan. Saytlardan 18tasi litsenziyadan mahrum qilindi, 32tasining ishi vaqtinchalik to‘xtatildi.
Shanba kuni hukumat mahalliy ijtimoiy tarmoqlardagi 360ta akkauntni xuddi shunday ayblovlar bilan bloklab qo‘ygan edi. Rasmiylarning tushuntirishicha, Sina Weibo mikroblogi va WeChat messenjerining ayrim foydalanuvchilari turli yolg‘on gap-so‘zlarni tarqatishgan, shu bois ularning faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan.
Ilgariroq Xitoyning shimolidagi Tyantszin port shahrida sodir bo‘lgan portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 112 kishiga yetgani xabar qilingan edi. Bundan tashqari, 95 kishi dom-daraksiz yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Top