14:40 / 18.08.2015
5502

Mastlikda akasini o‘ldirib qo‘ygan buxorolik erkak 18 yilga qamaldi

Buxoro sudi mast holda akasini o‘ldirib qo‘ygan fuqaro Aziz Mahmudovni 18 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Voqea tafsilotlari “Postda” gazetasida bayon qilindi.
Aziz Mahmudov bir necha yil nogiron akasi A'zamning uyida yashab kelgan. Tirikchilik maqsadida jiyani Azamat bilan karton qutilar va makulatura to‘plash bilan shug‘ullangan.
Bir kuni ular ishdan qaytish chog‘ida yo‘ldan aroq sotib olishgan va uyga olib kelishgan. Aroq icha boshlaganlarida ularga akasi A'zam ham qo‘shilgan.

Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, mast bo‘lib qolgan A'zam Mahmudov rafiqasidan pul talab qilib unga tashlangan. Yangasini akasini changalidan qutqarishga harakat qilgan Aziz ularning yoniga yetib borgan, ammo aka va uka o‘rtasidagi janjal avj olgan. A'zam qo‘lida pichoq bilan ukasiga hujum qilgan. Himoyalanish chog‘ida o‘zi ham mast bo‘lgan Aziz pichoqni tortib olib, akasining ko‘kragiga sanchgan.

Akasining joni uzilganini ko‘rib, kayfi tarqagan Aziz Mahmudov uydagilarni A'zamning o‘z joniga qasd qilganiga ishontirmoqchi bo‘lgan. Ammo huquq-tartibot xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari voqeaning asl o‘zagini tiklash imkonini berdi.

Top