12:34 / 18.08.2015
3445

Ruminiyaning sobiq prezidenti Moldova bilan birlashish haqida referendum o‘tkazishni taklif qildi

Ruminiyaning sobiq prezidenti Trayan Besesku Moldova bilan birlashish haqida referendum o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Euractiv resursi xabar berdi.
“Parlament va hukumatga taklif kiritib, ikki mamlakatda referendum o‘tkazish payti keldi. Menimcha, Ruminiyaning hududiy yaxlitligini tiklash haqida ochiq gapirish kerak. Bu Moldova uchun ham RF va Ukraina ta'siridan qutulish imkoniyati bo‘ladi”, – dedi Besesku.
Uning fikricha, Ruminiya, YeI va NATOga a'zo bo‘lgach, “tarix xatolari”ni to‘g‘irlashi kerak.
“Asosiy maqsad Yevrozonaga kirish emas, Moldova bilan birlashish bo‘lishi kerak”, – ta'kidladi u.
“Moldovaning Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyati Ruminiya bilan birlashishiga bog‘liqdir. Moldova shu yo‘l bilan Ukraina duch kelgan o‘tish davri qiyinchiliklaridan qutuladi. Men bu haqda Voroninga ham, Gimpga ham, Timoftiga ham aytganman”, – xulosa qildi siyosatchi.
2005 yilda Ruminiya bilan birlashish g‘oyasini moldovaliklarning 2 foizi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 2012 yilda ushbu g‘oya tarafdorlari soni 38 foizni tashkil qildi.

Top