09:19 / 18.08.2015
6993

Saudiya Arabistonida 4 nafar xorijlik qatl qilindi

Saudiya Arabistoni hukumati dushanba kuni uch nafar Shri-Lanka va bir nafar Misr fuqarosi ustidan o‘qilgan o‘lim jazosi hukmini ijro etdi, deya xabar berdi Frans Press mamlakat IIV ma'lumotiga asoslangan holda.

Saudiya vazirligining ma'lum qilishicha, Shri-Lankaning uch nafar fuqarosi Saudiya Arabistoni fuqarosining uyiga bostirib kirib, unga tan jarohati yetkazgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Qatl Qizil dengiz sohilida joylashgan Jidda shahrida amalga oshirildi. Yana bir o‘lim jazosi esa Sharqiy provinsiyada qirollik fuqarosining o‘limi bo‘yicha aybdor deb topilgan Misr fuqarosi ustidan o‘tkazildi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil avvalidan buyon Saudiya Arabistonida 120 nafar kishi qatl qilingan. O‘tgan yili esa 87 kishiga o‘lim jazosi qo‘llanilgan edi.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistonida o‘lim jazosi qariyb barcha hollarda boshni tanadan judo qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Saudiya Arabistonida, shuningdek, giyohvand moddalar savdosi, qotillik, zo‘ravonlik, qurolli bosqinchilik hamda dindan qaytganlik uchun ham o‘lim jazosi belgilanadi.

Top