18:28 / 19.08.2015
4579

Erdo‘g‘an: Koalitsiya hukumati tuzish bo‘yicha muammoni faqat yangi saylovlar orqali hal etish kerak

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on 18 avgust kuni bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘luning kaolitsiya hukumatini shakllantirish borasida o‘ziga yuklatilgan vakolatlardan soqit qilish to‘g‘risidagi iltimosini qanoatlantirgani xabar qilingan edi.

Koalitsion hukumat shakllantirish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Turkiyada navbatdan tashqari saylov o‘tkazilishi ehtimoli ortdi. Bu haqda prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham o‘z chiqishi vaqtida aytib o‘tgan.

"Men mavjud konstitutsiya doirasida davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etdim. Hozirda Turkiya Vazirlar Mahkamasining chaqirilishini bilan bog‘liq muammo bor. Men bosh vazirga bu masala bilan shug‘ullanishi uchun vakolat berdim. Uning urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Endi mamlakatda imkon qadar tezroq navbatdan tashqari saylovlarni tashkil etish zarurati paydo bo‘ldi. Biz xalqning irodasiga tayanamiz", deydi Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an muxolifatdagi partiyani tanqid qilib o‘tgan. Uning aytishicha, bosh vazir muxoliflarning yetakchilari bilan uchrashgan lekin natija bo‘lmagan.

"Natijalar bo‘lmadi. Endi yangi xalqqa xizmat qiladigan yangi loyiha ishlab chiqish kerak. Siyosatchilar bu bilan shug‘ullanib, choralar topishadi", deydi prezident.
Turkiyada muddatdan ilgari parlament saylovlari o‘tkazilishiga hech kim shubha qilmayapti. Navbatdan tashqari saylovlar 22 noyabrda bo‘lib o‘tishi mumkin.

17 avgust kuni Ahmad Dovudo‘g‘lu Milliy harakat partiyasi rahbari Devlet Baxcheli bilan kaolitsiya hukumatini shakllantirish masalasini muhokama qilgan edi. Ammo bu uchrashuv samarasiz yakunlandi. Uchrashuvdan so‘ng bayonot bergan bosh vazir “endilikda kaolitsiya hukumatini tuzish yo‘llari ko‘rinmayotgan”ligini aytgan. Undan avval Xalq respublikachilar partiyasi rahbari Kemal Kilichdaro‘g‘lu bilan bo‘lib o‘tgan muzokoralar natija bermadi. Dovudo‘g‘lu shundan xulosa chiqargan holda hukumatni shakllantirish borasida o‘ziga yuklatilgan vakolatlardan voz kechishga qaror qildi. Turkiya Konstitutsiyasiga binoan hukumatni shakllantirish muddati 23 avgust kuni yakunlanadi. Shundan so‘ng kun tartibiga muddatdan ilgari parlament saylovlarini o‘tkazish masalasi qo‘yiladi. O‘z navbatida millatchilar rahbari Devlet Baxcheli muddatdan avval saylovlar o‘tkazilishiga qarshi chiqmoqda. Uning fikricha, muddatdan ilgari o‘tkaziladigan saylovlar muammoning yechimi emas. U to‘rt yillik koalitsiya tuzilishini aytib keladi. Biroq prezident o‘z vakolatlaridan foydalanib parlamentni tarqatib, muddatdan ilgari saylovlar o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Ungacha Muvaqqat hukumat faoliyat yuritadi.

Shu yilning iyunida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi 2002 yildan beri ilk bor mag‘lubiyatga uchradi va shu tariqa yakka o‘zi hukumat shakllantirish huquqidan mahrum bo‘ldi. “Taqdirni hal qiluvchi saylov” sifatida ta'riflangan parlament saylovi Turkiyaning prezident boshqaruvidagi mamlakatga aylanish-aylanmasligida hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak edi. Ammo hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi yakka o‘zi hukumatni shakllantirish huquqidan mahrum bo‘ldi. Partiya eng ko‘p ovozni oldi, lekin qonunchilik organida asosiy kuch bo‘lish uchun buning o‘zi yetarli bo‘lmadi.

"Adolat va taraqqiyot" partiyasi 14 yildan beri hokimiyatda bo‘lib turibdi. Bu partiya 256 deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Hukumatni shaklantirish uchun 276 o‘rin kerak bo‘lardi. Agar partiya parlamentda 330 o‘rinni egallaganida, konstitutsiyani o‘zgartirish uchun referendum e'lon qilishga haqli bo‘lar edi. 367 o‘rin olganida, tuzatishlar referendumsiz qabul qilinishi mumkin edi. Shu sababli ham prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘oning Konstitutsiyani isloh qilib, prezidentlik vakolatlarini kengaytirish rejasi savol ostida qoldi. Adolat va Taraqqiyotchilarning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati mag‘lubiyatga teng g‘alaba sifatida baholandi. 2014 yilning avgustida Rajab Toyib Erdo‘g‘on mamlakat tarixida birinchi marta o‘tkazilgan bevosita saylovlarda prezidentlikka saylangandi. Turkiyada mamlakat prezidenti uncha katta vakolatlarga ega emas. Turk muxolifati Erdo‘g‘onni konstitutsiyani o‘zgartirib, ko‘proq vakolatga ega bo‘lishga, hokimiyat tizginini tamoman qo‘lga olishga urinayotganini aytib keladi.

9 iyulda prezident topshirig‘iga ko‘ra, Ahmad Dovudo‘g‘lu boshchiligidagi partiya boshqa partiyalar bilan kaolitsiya hukumati tuzishga kirishdi, ammo bu kabi sa'y-harakatlar barbod bo‘ldi. Ahmad Dovudo‘g‘lu yangi saylovlarga qadar qisqa muddatga o‘z partiyasi nufuzini saqlab qolishga umid qilgan edi. Ammo bu umidlar puchga chiqdi. Chunki hamkor bo‘lishga va'da bergan partiyalar uning oldiga keskin talablarni qo‘ydi.

Tahlilchilar hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi uchun kaolitsiya hukumati tuzgandan ko‘ra, muddatdan ilgari saylovlar o‘tkazish maqsadga muvoffiq ekanligini aytishmoqda. Lekin boshqa kuzatuvchilar saylovlar natijalari iyundagi holatdan deyarli o‘zgarmasligini ham ta'kidlashmoqda. Chunki oradan o‘tgan davr mobaynida saylovchilar ham, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat ham o‘zgarmagan.

Top