09:00 / 19.08.2015
2827

Google silindr shaklidagi uy Wi-Fi-routerini taqdim etdi

Google kompaniyasi silindr shaklidagi simsiz OnHub marshrutizatorini namoyish etdi, deya xabar bermoqda Wired.

Qayd etilishicha, router foydalanish uchun sodda bo‘lib, tezroq internetga bog‘lanishga xizmat qiluvchi antennalarga ham ega. Bundan tashqari, ular The Google On ilovasi orqali smartfon bilan ham boshqarilishi mumkin.

“Biz Wi-Fi tarmog‘i bilan bog‘liq barcha turdagi muammoga duch kelgan insonlar bilan muloqotda bo‘lish uchun ko‘p vaqt sarfladik”, – deydi kompaniyaning mahsulotlar bo‘yicha menejyeri Trond Vyullner.

Router TP-LINK kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi, ikkinchi hamkor esa Asus bo‘lishi mumkin. Qurilmaning internet-do‘konlaridagi narxi 199,99 dollarni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, qurilmaning silindr shaklida ekanligi foydalanuvchilarga aloqa sifatini yomonlashtiradigan turli buyumlarni uning ustiga qo‘yishlariga kam imkoniyat qoldiradi.

Top