18:33 / 19.08.2015
8242

Yakkasaroyda sodir bo‘lgan mushtlashuvda restoranning ikkita qo‘riqchisi pichoqlandi

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi restoranlardan birida yoshlar o‘rtasida sodir bo‘lgan mushtlashuvda restoranning tartib saqlovchi ikki nafar xodimi pichoqlandi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, Farhod ismli yigit tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida do‘stlari Akmal, Aziz va Bunyodni restoranga taklif qilgan. Ziyofat avjiga chiqib, yigitlar mast bo‘lib qolgan paytda raqs maydonchasida ular tug‘ilgan kunini nishonlayotgan boshqa bir guruh yoshlar bilan gap talashib qolgan. Natijada mushtlashuv yuzaga kelgan.

Maydonchaga restoran qo‘riqchilari yetib kelib, yigitlarni ko‘chaga chiqarib tashlashgan. Shunda ular qo‘riqchilarga tashlanishgan. Akmal ismli yigit pichoq bilan qo‘riqchilardan birining biqiniga, boshqasining ko‘kragiga zarba bergan.

Qo‘ng‘iroq bo‘yicha yetib kelgan ichki ishlar idorasi xodimlari to‘polonni to‘xtatib, barcha ishtirokchilarni idoraga olib ketishdi. Akmal va Bunyodlarning ishi esa sudga topshirildi.

Top