10:22 / 20.08.2015
2709

Janubiy Koreyaning ICT Technologies kompaniyasi Milliy geografik axborot tizimini ishga tushiradi

Janubiy Koreyaning ICT Technologies kompaniyasi Milliy geografik axborot tizimini ishga tushiradi. Bu haqda 19 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimi “Elektron hukumat”ning bir qismi sifatida tashkil etiladi va sun'iy yo‘ldosh geodezik tarmoqlari, kompyuterlashtirilgan davlat kadastrlari yagona tizimi va binolar va inshootlarning yagona davlat hisobi tizimlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning moliyaviy qiymati 25 mln dollarni tashkil etib, Janubiy Koreya Eksimbankining 15 mln dollarlik zayomlari hisobiga amalga oshiriladi. Zayomlar 40 yilga taqdim etilgan bo‘lib, uning o‘n yili imtiyozli muddat hisoblanadi.

Loyiha doirasida respublika va uning alohida hududlarining tabiiy-iqtisodiy potensialini yagona umumdavlat, yaxlit va komleks hisobga olishni, baholash, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar faoliyati uchun zarur kadastrga oid axborotlar bilan operativ ta'minlash maqsadida ko‘pvazifali axborot tizimi yaratiladi.

Mazkur tizimni yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda Janubiy Koreyaning ICT Technologies kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar 2017 yilda yakunlanadi.

Top