18:48 / 20.08.2015
2896

LG kompaniyasi EISA’dan to‘rtta mukofot oldi

LG Electronics kompaniyasi audio va videotexnika bo‘yicha Yevropa jurnallari uyushmasidan (EISA) to‘rtta mukofot oldi. OLED televizor to‘rt yildan buyon, G seriyasi smartfonlari esa ikki yildan buyon mukofotlanmoqda.
EISA mukofotlari har yili Yevropaning 20 mamlakatida multimedia haqida chiqariladigan 50 nashr vakillari qarori bilan topshiriladi. Mahsulotlar qo‘llanilgan texnologiyalar, dizayn va joriy qilingan innovatsiyalarga ko‘ra baholanadi.
4K OLED televizorning 65EG960V modeli uy kinoteatrlari uchun televizorlar kategoriyasida g‘olib bo‘ldi. Uning asosiy yutug‘i sifatida 65 dyuymli ekrani baholandi. Art Slim dizayni esa televizorning tashqi ko‘rinishini yanada yaxshilab, u o‘rnatilgan uyni bezashga xizmat qiladi.
2015-2016 yillarda eng yaxshi Smart televizor sifatida 65 dyuymli Super UHD televizori (65UF950V modeli) webOS 2.0 platformasida ishlaydi.
LG G4 smartfoni 16 megapikselli 1.8 diafragmali, OIS tasvirni optik stabillashtirish tizimiga ega kamerasi tufayli “Yevropaning eng yaxshi kamerofoni” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Jyuri ayniqsa telefonning IPS Quantum displeyini yuqori baholab, uning mahsulotni boshqa turdosh ishlanmalardan farqlab turishiga e'tibor qaratishdi.
Android Wear dasturiy ta'minotida ishlaydigan LG Watch Urbane soatlari Yevropaning eng yaxshi taqiluvchi gadjyeti deb topildi. Uning 1.3 dyuymli P-OLED displeyi 320X320 pikselli bo‘lib, bir dyuymga 245 piksel to‘g‘ri keladi. Soat 1.2 GGts chastotali Qualcomm Snapdragon™ 400 protsessorida ishlaydi, shuningdek, u 4 Gb xotira bilan ta'minlangan.
“Bozorning eng hurmatli ekspertlari mahsulotlarimizni yuqori baholaganidan juda xursandmiz, – dedi LG Home Entertainment kompaniyasi prezidentining birinchi o‘rinbosari hamda televizorlar va monitorlar bo‘linmasi boshlig‘i In-kyu Li. – Biz o‘zimizning iste'mol texnologiyasi sohasidagi xalqaro yetakchi brend sifatidagi pozitsiyamizni mustahkamlashda davom etamiz. Maqsadlarimizga erishishimizda Yevropadagi muvaffaqiyatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega”.

Top