08:21 / 20.08.2015
9218

Qozog‘istonliklar Qirg‘izistonga arzon mashinalar xarid qilish ilinjida ommaviy tarzda borishmoqda

Qozog‘istonliklar Qirg‘izistonga arzon mashinalar xarid qilish ilinjida ommaviy tarzda borishmoqda. Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirgandan keyin ekspertlar xuddi yil boshida Qozog‘iston-Rossiya chegarasida kuzatilgandek savdo avj olishini aytmoqdalar. Endilikda Bishkekdan Qozog‘istonga mashinalarni hech qanday bojlarsiz olib kirish mumkin. Qozog‘istonliklarning birinchi guruhlari Qirg‘izistonga arzon mashinalar ilinjida jo‘nab ketishdi, lekin hafsalalari tezda pir bo‘ldi, deb xabar bermoqda KTK telekanali.

Nurdavlat ismli qozog‘istonlik Qirg‘izistonda arzon, uncha eski bo‘lmagan mashinani topa oldi. U o‘z yurtidagi va bu yerdagi narxlarni taqqoslab, Qirg‘izistonda mashinalar arzon ekanligini bildi. Bu yerda esa chegaralar ham ochib yuborilgan.

“Men 2014 yilda ishlab chiqarilgan “Toyota Kamri” sotib olmoqchiman. Men narxlarni solishtirib, bu yerda narxlar arzonroq ekanligini bildim. Shuning uchun kuzda Qirg‘izistonda mashina sotib olmoqchiman”, deydi Nurdavlat.

Biroq uning hafsalasi pir bo‘lishi mumkin. Mashina unga qimmatroqqa tushishi mumkin, chunki mashina Qirg‘izistonga 2014 yilda olib kirilgan, bu esa boj to‘lashga to‘g‘ri kelishini anglatadi.

“Bu avtomobillar uning egasi tomonidan Qirg‘iziston hududida amalda bo‘lgan va hozirda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hududida amalda bo‘lgan boj to‘lovlari, soliqlardagi farq to‘langandan keyin Bojxona ittifoqining mahsulotlari hisoblanadi”, deb aytmoqda Qozog‘iston bojxona nazorati departamenti boshqarmasi rahbari Qayrat Maubayev.

Biroq Qirg‘izistonda 2014 yilgacha yurgan mashinalarni Qozog‘istonga bojsiz olib kirish mumkin. Biroq hammasi ham bunchalik oson emas. O‘ng rulli avtomobillar va eski mashinalar Qozog‘iston hududiga kiritilmaydi. Barcha olib kirilayotgan avtomobillar texnik shartlarga javob berishi lozim.

Qog‘ozda ko‘p yangi bandlar paydo bo‘lgan bo‘lsada, chegarada hali ham betartiblik hukm surmoqda, odamlar bir necha kilometrlik tirbandliklarda turishlariga to‘g‘ri kelmoqda, bojxonachilar avvalgidek hammani tekshirmoqda.

Yangi qoidalar va vujudga kelgan murakkabliklarga qaramay, Qirg‘iziston avtomobil bozorlarida qozog‘istonlik xaridorlar ancha ko‘payib qolgani qayd qilinmoqda.

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Qirg‘izistonga 100 ming dona avtomobil olib kirilgan. Tadbirkor qozoq va qirg‘izlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishga shunday tayyorlanishgan ko‘rinadi. Biroq ekspertlarning fikricha, Qozog‘iston avtomobil bozorlaridagi narx-navo tushib ketmaydi, chunki minilgan mashinalarning aksariyati mamlakat hududiga kiritilmaydi.

Top