21:03 / 21.08.2015
3395

Oliy Majlisdagi «Demokratik kuchlari bloki» dori vositalari to‘g‘risidagi qonun loyihasiga takliflar berdi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi «Demokratik kuchlar bloki»ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda palata axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan tuzilgan «Demokratik kuchlar bloki»ning yig‘ilishida ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fikrlar o‘rganildi va asosli deb topilgan takliflar inobatga olindi. Xususan, hukumatning dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan ta'minlash, ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlarini qondirish borasidagi vakolatlari aniqlashtirildi.

«Demokratik kuchlar bloki» tayyorlangan qonun loyihasini umumiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, alohida meyorlarni yanada takomillashtirishga doir takliflarni ilgari surdi. Xususan, qonun loyihasiga dori vositalarining noqonuniy muomalasi, ularning qalbakilashtirilishi, sifatsiz tibbiy buyumlar sotilishini oldini olishni nazarda tutuvchi meyorni ham kiritishni taklif etdi.

«Mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini huquqiy tartibga solish mexanizmlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish lozim. Shu munosabat bilan biz loyihaning ayrim moddalari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqdik. Jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana savdosiga doir yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida bunday mahsulotlarning chakana savdosiga doir meyorlarni aniqlashtirishni taklif etdik. Eng muhimi, chakana savdo dori vositalarning yaroqlilik muddati, saqlash sharoitlari va sotish tartibiga doir talab va qoidalarga muvofiq ravishda amalga oshirilishi lozim», — deydi O‘zMTDP fraksiyasi a'zosi Sh.Qulmatov.

Deputatlar loyihadagi «maqbul dorixona amaliyoti» tushunchasini kengroq ochib berish zarurligi haqida fikr bildirdi. Bu tushuncha dorixona sharoitida dori vositalarini tayyorlash, ularning yaroqlilik muddati, saqlash sharoitlariga doir sanitariya qoidalari, gigiyena meyorlari va talablarining rioya etilishini ta'minlashni nazarda tutadi.

Shuningdek, deputatlar tomonidan dorixonalarning tashkiliy-huquqiy shaklini yanada aniq belgilash va uni Fuqarolik kodeksi talablariga muvofiqlashtirish taklif etildi. «Bu tadbirkorlik sub'yektlariga qonunchilik doirasida dori vositalarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish imkonini beradi», — deyiladi axborot xizmati xabarida.

Top