18:40 / 21.08.2015
5315

Toshkent shahar sirkining litsenziyasi 10 ish kuniga to‘xtatib qo‘yildi

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 19ta sayyohlik firmasi litsenziyasi sayyohlik qonunchiligi bandlari bajarilmagani sababli 10 ish kuniga to‘xtatib qo‘yilgani haqida xabar qilingandi.

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi saytida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sayyohlik faoliyatini litsenziyalash Komissiyasi 2015 yil 18 avgustdagi yig‘ilishi bayonnomasiga binoan sayyohlik yig‘imlarini o‘z muddati va o‘z miqdorida to‘lamagan 19ta sayyohlik firmasining litsenziyasi 10 ish kuniga to‘xtatib qo‘yilgan.

“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga binoan litsenziyasi vaqtinchalik to‘xtatilgan firmalar ro‘yxati saytda e'lon qilingan.

Bu ro‘yxatda Toshkent shahar sirki ham mavjud bo‘lib, “O'ZBEK DAVLAT SIRKI” MChJ soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamagani uchun jazolangan.

"Tsirk artistlari bu kunlar mobaynida ishlamaydi. Lekin moskvalik artistlarning chiqishlari davom etadi. Ular bilan shartnomani 13 sentabrgacha uzaytirmoqchimiz", deb ma'lum qilgan sirk vakili.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Moskvaning "Suv ustidagi sirk"i gastrol safari bilan Toshkentda bo‘lib turibdi. Ularning dasturlari 30 avgust kunigacha namoyish etishi ko‘zda tutilgandi.

Top