18:34 / 22.08.2015
4179

ICTWEEK Uzbekistan 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Haftaligi yangi formatda o‘tkaziladi

14–18 sentabr kunlari ICTWEEK Uzbekistan 2015 axbort-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) Haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi Haftalik ilk bora ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona formatda birlashtirgan holda o‘tkaziladi.

AKT Haftaligi tashkilotchilari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa - bo‘lib o‘tishi kutilayotgan tadbirlar turkumini nafaqat foydali tarzda, balki Haftalik doirasida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilari uchun maksimal darajada qulay tarzda tashkillashtirishdir. AKT Haftaligini o‘tkazishdan bosh maqsad – O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bozorini rivojlantirishda amaliy natijalarga erishish.

ICTEXPO 2015 Ko‘rgazmasi ICTWEEK Uzbekistan 2015 Haftaligining eng yorqin tadbirlaridan biriga aylanishiga shubha yo‘q. Bu yilgi Ko‘rgazmaning faoliyat doirasi ayniqsa keng qamrovli  bo‘lishi kutilmoqda, ya'ni 2000 kv. metrga teng hududda qariyb 150 ta kompaniya o‘z mahsulotlarini taqdim etadi. 15–17 sentabr kunlari Toshkentda va 15–16 sentabr kunlari Samarqandda tashkil qilinadigan Ko‘rgazmalar tarmoq ko‘rinishida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. ICTEXPO 2015 Ko‘rgazmasiga 30 mingdan ortiq kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.

ICTFORUM 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Forumi ham IT-sohaning yetakchi mutaxassislari va ekspertlari e'tiborini jalb qilishga mo‘ljallangan muhim tadbirlardan biriga aylanishiga katta umid bildirilmoqda. Ilk marotaba o‘tkazilajak ICTFORUM 2015 AKTni rivojlantirish yo‘nalishidagi muhim tendensiyalar va takliflar muhokamasiga asos soluvchi ekspertlar maydonchasiga aylanadi. 16–17 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Forum bloklar ko‘rinishidagi anjumanlar, bo‘limlar ko‘rinishidagi yig‘ilishlar hamda mahorat saboqlari va panelli muhokamalardan tarkib topadi. Forum dasturi doirasida eGovernment Uzbekistan, BestSoft Uzbekistan va Startup Conference, «AKT va Turizm» anjumanlarini o‘z ichiga olgan bir necha professional yo‘nalishdagi tadbirlar, shuningdek, «Telekommunikatsiya va infratuzilma», «Internet va axborot resurslari», «Axborot xavfsizligi» mavzulariga bag‘ishlangan seksiyali yig‘ilishlarni o‘tkazish rejalashitirilgan.

18 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan ICTSUMMIT 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Sammiti joriy yilda mamlakatimiz IT-sohasida erishilgan natijalar hamda soha mutaxassislari oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlanadi. ICTSUMMIT 2015 qatnashchilari, shuningdek, ICTFORUM 2015 davomida kiritilgan Rezolyutsiya loyihasini tasdiqlashlari lozim. AKT Sammiti ish kunlarida davlat boshqaruv organlari vakillari, axborot texnologiyalari va aloqa yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi tashkilotlar va korxonalar rahbarlari, xalqaro ekspertlar va tahlilchilar, xalqaro IT-kompaniyalar vakillari ishtirok etadilar.

 

Gadget Fair yarmarkasi – Haftalikning yana bir qiziqarli tadbiri deb e'lon qilindi. Ushbu yarmarka  ICTEXPO 2015 doirasida 15–17 sentabr kunlari jami 360 kv. metrga teng ochiq hududda tashkil etiladi. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar uchun turli telefonlar, smartfonlar, planshetlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari mahsulotlari bilan bir qatorda, ICTWEEK Uzbekistan 2015 bosh homiysi Huawei kompaniyasi mahsulotlarini ham xarid qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Haftalikning asosiy tadbirlari bilan bir vaqtda qo‘shimcha qiziqarli tadbirlar ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ular orasida LG CNS Uzbekistan qo‘shma korxonasining ochilish marosimi; BestSoft Challenge dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilar tanlovi; Data.gov.uz Hackathon ochiq ma'lumotlar bo‘yicha Xakaton; Intellec2All Respublika IT-loyihalari tanlovi; MIT.UZ yoshlar internet-tanlovi; mamlakatimiz faol yoshlarini jalb etishga qaratilgan UCG FIFA kiberfutbol bo‘yicha O‘zbekiston Kubogini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Haftaligi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma'lumotni hamda ro‘yxatga olish jarayoni haqidagi ma'lumotlarni ICTWEEK Uzbekistan 2015 rasmiy sayti – www.ictweek.uz orqali olishingiz mumkin.

ICTWEEK Uzbekistan 2015 Haftaligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining yaqin ko‘magi bilan o‘tkazilmoqda. Takshilotchilar – Axborot texnologiyalari tashkilotlari va korxonalari assotsiatsiyasi va ICTNEWS nashri.

Tadbir Bosh homiysi – Huawei Technologies Co. Ltd, strategik homiy – UZTELECOM, uyali aloqa homiysi – UZMOBILE. Shuningdek, AKT Haftaligi homiylari qatorida LG CNS Uzbekistan va SAP kompaniyalari mavjud.

Tadbir hamkorlari: Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (UNDP), «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi, UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va tadbiq etish markazi, Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Inxa Universiteti, BePro dasturchilar Markazi, InfoCOM.UZ jurnali, Brand.uz, SmartLab, StartupFactory.uz, UNIQUE PRESENT Media Holding, Maslov PR Tashkent. 

Top