08:50 / 22.08.2015
3985

Tyantszin hukumati quyon va kabutarlar yordamida aholini tinchlantirishga harakat qilmoqda

Xitoyning mash'um Tyantszin shahridagi portlashlar yaqinidagi hududlar kimyoviy xavfsiz ekanligini isbotlash sifatida quyonlar, kabutarlar va tovuqlardan foydalanildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Qafaslarga solingan jonzotlar zararlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududda o‘z sog‘liqlariga ziyon yetkazmagan holda 2 soat turishdi.

Mahalliy hokimiyat shunday namoyishkorona aksiyani o‘tkazishga qaror qildi. Hokimiyat buyrug‘iga ko‘ra, hayvonlar va qushlar solingan qafaslar portlagan omborxonalar hududida joylashtirildi. Amaldorlarning ta'kidlashicha, port shahrida yuz bergan noxush voqea yaqin atrofdagi hududni yashash uchun xavfli bo‘lishiga olib kelmagan.

Biroq voqea oqibatlarining keyinroq qanday effekt berishi noma'lumligicha qolmoqda. Rasmiy shaxslar portlagan omborlarda 700 tonna natriy sianidi saqlanganini tasdiqlashdi. 20 avgustda davlat OAVlari voqea markazidan 6 km uzoqlikda sohilga minglab baliqlar chiqarib tashlanganini efirda namoyish qilgan edi.

Tyantszin rahbariyati suv natriy sianidi bilan zararganligini inkor etib, baliq zaharlanishdan emas, balki kislorod yetishmagandan halok bo‘lganini ta'kidlagan.

Top