19:24 / 24.08.2015
6365

Britaniyaning Tehrondagi qayta ochilgan elchixonasida “Angliyaga o‘lim” yozuvi borligi ma'lum bo‘ldi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Filip Xammond Britaniyaning Erondagi qayta tiklangan elchixonasi devorida “Angliyaga o‘lim” yozuvi borligini aniqladi, deya xabar bermoqda The Guardian.

Qirolicha Yelizaveta II surati ustidagi fors tilida bitilgan mazkur jumla 2011 yilda diplomatik vakolatxonaga uyushtirilgan xujum vaqtidan qolib ketgan.

Elchixona ochilish marosimida ishtirok etgan vazir ushbu jumla Eron va Britaniya munosabatlariga ta'sir qilmasligini aytib o‘tdi. Vazirning chiqishidan so‘ng Britaniya madhiyasi yangrab, milliy bayrog‘i yuqoriga ko‘tarildi.

The Guardian nashrining xabar berishicha, Britaniyadan Tehronga XIX asrga oid binoni o‘ziga xos bo‘yoqlar yordamida qayta tiklash uchun mutaxassis yuborilgan.

Elchixona ochilganidan so‘ng binoni texnik qayta tiklash ishlari davom ettiriladi.

Shuningdek, diplomatlarning mamlakatga barcha zarur uskunalarini olib bora olmasligi ma'lum bo‘ldi. Bunga Eron ularga o‘zlari bilan olib kiruvchi yuk hajmini cheklagani sabab sifatida keltirildi.

Eronda Britaniya elchixonasi 2015 yil 14 iyuldagi Eron va “oltilik” davlatlar (BMT xavfsizlik kengashi a'zolari va Germaniya) o‘rtasidagi Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga binoan qayta ochildi.

Elchixonaning o‘zi esa 2011 yilda London Eronga nisbatan sanksiyalarni joriy etganidan so‘ng namoyishchilar to‘dasi bostirib kirgani uchun yopib qo‘yilgandi. O‘shanda Birlashgan qirollik rasmiy Tehronni namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblagan edi.

Top