18:52 / 24.08.2015
12086

Naqd pulni ololmayotgan mijoz Markaziy Bank ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib bir kunda o‘z omonatini qaytarib oldi

«Agrobank» ATB Respublika bo‘limiga naqd pul omonatini qo‘ygan mijoz uni qaytarib olish uchun bankka borganida bank xodimlari naqd pul yo‘qligi sababli omonatni qaytara olmasligini bildirishgan. Bu haqda Xushnud Xudoyberdiyev feysbukdagi sahifasida yozib qoldirgan.

«Bankdagilar shunaqa katta gapirishibdi-ki, asti qo‘yaverasiz. «Naqd pul yo‘q, kimga aytsangiz aytavering, eng yaqini 1 haftalarda qilib berishimiz mumkin» deyishgan. Hatto boshqaruv raisigacha kirishgan. Foydasi bo‘lmagan. Uzoq tortishuvlardan keyin omonatning faqat 1 million so‘minigina qaytarishgan. Qolganini keyingi haftada kelib olasiz deyishgan», deb yozadi Xudoyberdiyev.

«Bunaqa vaziyatda eng yaxshi maslahat - albatta Markaziy bank ishonch telefoniga murojaat qilish bo‘lar edi. Markaziy bankning 200-00-44 raqamidagi ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Mas'ul xodim bilan suhbatda barchasi batafsil aytildi, ular tomonidan so‘ralgan ma'lumotlar berildi (to‘liq F.I.Sh., uy manzili, bog‘lanish uchun telefon). Bizga Markaziy bankning mas'ul xodimi 4 ish kunida murojaat ko‘rib chiqilib, javob berilishini ma'lum qildi».

«Oradan 1 kun o‘tib, aniqrog‘i shanba kuni (22 avgust) «Agrobank»dan telefon bo‘lgan. Bu safar muomalalar o‘zgargan, ancha muloyim gaplashishibdi. «Iltimos, bugun kelib omonatga qo‘ygan pulingizni olib ketsangiz, naqd pul kelib qoluvdi» deyishibdi. Garchi shanba kuni rasman bank ish kuni hisoblanmasa ham, lekin omonat masalasi bo‘yicha mas'ul shaxslar ishga chiqib, tanishimdan pulni olib ketishni iltimos qilishgan. Ular bankka borishganida xodimlar allaqachon, 10 million so‘mni sanab, tap-tayyor qilib qo‘yishgan ekan. Hatto hujjatlarni ham tayyorlab qo‘yishgan. Pulni olish 10-15 daqiqa vaqtni talab qilgan», deb yozadi mijoz.

«Markaziy bankning ishonch telefoniga gap yo‘q! Rahmat! Siz ham foydalanib turing - 200-00-44», deya o‘z postini yakunlagan feysbuk foydalanuvchisi.

Top