18:50 / 24.08.2015
2009

SCAT aviakompaniyasi narxlarni 20 foizga ko‘tardi

Qozog‘istonning SCAT aviakompaniyasi tanga kursining tushib ketishi tufayli chiptalar va xizmatlar narxini 20 foizga oshirdi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.

20 avgust kuni Qozog‘iston tanganing erkin kursiga asoslangan monetar siyosatni amalga oshirishga kirishdi va valyuta koridorini bekor qildi. Bir sutka ichida milliy valyuta 26 foizga tushib ketib, 255 tanga 1 dollarga tenglashdi. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev boshqa imkon bo‘lmaganini tan oldi: tanganing erkin kursi mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tiklaydi va zaxiralarni asrashga yordam beradi.

“SKAT aviakompaniyasi 25 avgustdan barcha xalqaro yo‘nalishlardagi tariflarning 20 foizga oshganini ma'lum qiladi. Bu Qozog‘iston Respublikasining milliy valyutaning erkin kursiga o‘tishi bilan bog‘liqdir. Kompaniya qarori aviatsion sohaning o‘ziga xosligi bilan bog‘liq, unda daromadning asosiy qismi reyslarni ta'minlash, texnik xizmat ko‘rsatish, personalni o‘qitish va boshqa xarajatlarni qoplashga ketadi, xarajatlar AQSh dollarida amalga oshiriladi”, - deyiladi xabarnomada.
Kompaniya vakillari bu chora daromadni oshirish uchun amalga oshirilmaganini, tanga kursining beqarorligi tufayli barcha zararni qoplab bo‘lmasligini ma'lum qildi.

Top