12:07 / 25.08.2015
5195

Savitskiy muzeyi direktori ishdan bo‘shatildi

Qoraqalpog‘istondagi Igor Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi jamoasi sobiq direktor Marinika Babanazarovaning ishdan bo‘shatilganiga norozilik bildirdi. Norozilik xati muzey sayti va uning Feysbukdagi sahifasida e'lon qilingan. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar qildi.

«Muzey asoschisi tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari arafasida direktorimizning ishdan noqonuniy bo‘shatilganiga jamoatchilik e'tiborini jalb qilmoqchimiz. Jamoa ro‘y berayotgan noqonuniy xatti-harakatlar bilan kelisha olmaydi», — deyiladi muzeyning Feysbukdagi sahifasida.

«Savitskiy nomidagi san'at muzeyi jamoasi xorij matbuotida e'lon qilingan tuhmat xatdan qattiq g‘azablangan. Unda keltirilgan dalillar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deya ta'kidlanadi jamoaning O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov nomiga yozgan xatida.

Jahonga mashhur muzey xodimlari Madaniyat va sport ishlari vazirligidan mavjud vaziyatni o‘rganib chiqishni, direktorni badnom qilmoqchi bo‘lgan xat muallifini aniqlashni va uni javobgarlikka tortishni iltimos qiladi.

Xodimlar muzey fondlarini xatlovdan o‘tkazish tartibining buzilganlik holatlari bo‘yicha ham tergov o‘tkazish hamda muzey kolleksiyasi eskponatlarini almashtirib qo‘yish va o‘g‘irlashga oid ayblovlarni tekshirish uchun ekspert komissiyasi tuzishga chaqirgan.
Ma'lumot uchun, Marinika Babanazarova ushbu muzey direktori sifatida 1984 yildan buyon ishlab kelgan.
Qayd etish joizki, Savitskiy muzeyi YuNeSKO hamkorligida tashkil etilgan "Xorazm oltin halqasi" turistik yo‘nalishidagi obektlar sirasiga kirgan. Muzey 2011 yilda O‘zbekistondagi eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan muzeylardan biri sifatida «Sayyohlar e'tiborini qozongan muzey» mukofoti bilan taqdirlangandi.

Top