09:07 / 25.08.2015
3921

Xitoy harbiylari lochin va maymunlarni aviabazalarni himoya qilishga o‘rgatdi

Qushlar samolyotlar uchun jiddiy xavf tug‘rdirib keladi. Hattoki kichik qushcha ham uchish-qo‘nish jarayonidagi samolyot dvigateliga kirib qolsa, katta falokatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Markaziy Xitoy televideniyesining xabar berishicha, Xitoy ozodlik xalq armiyasi harbiy uchuvchilari o‘z aviabazalarini mazkur xavfdan himoya qilish uchun maxsus o‘rgatilgan lochin va maymunlardan foydalanmoqda.

Yirtqich qushlardan foydalanish dunyo amaliyotida yetarlicha keng tarqalgan. Ular samolyotlar parvoz qilishi yoki qo‘nishi arafasida qo‘yib yuborilib, boshqa mayda qushlarni qo‘rqitadi va u yerdan uzoqlashtiradi.

Maymunlardan harbiy maqsadlarda foydalanish esa xitoy nou-xausi hisoblanadi. Askarlar ushbu primatlarni aviabazalar atrofidagi daraxtlarga qo‘yilgan qush inlarini buzishga o‘rgatishgan. Bu esa yaqin-atrofda kamroq qushlar bo‘lishini ta'minlaydi. Maymunlar har kuni 20 metrgacha balandlikda qurilgan o‘nlab uyalarni yo‘q qilishi mumkin. Shu bilan birga, hayvonlar tanasi qoldirgan hidlar ham qushlarni cho‘chitib turadi.

“Maymunlardan foydalanish — o‘z samaradorligini ko‘rsatgan g‘oyadir. Ular o‘z vazifasini odamlardan ko‘ra yaxshiroq bajaradi”, – deya aytib o‘tdi polkovnik Xan Bi.

Aviabazalarda qushlar bilan shug‘ullanuvchi alohida guruh mavjud bo‘lib, ularni harbiylar “qushlar jamoasi” deb atashadi.

Top