02:30 / 26.08.2015
23355

Islom Karimov 25 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 25 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz har tomonlama rivojlanmoqda. Barcha shaharu qishloqlarimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, aholining hayot sifati yuksalib bormoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharlarimiz bosh reja asosida qayta qurilmoqda. Buni Nukus, Urganch, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz va boshqa shaharlarning bugungi jamoli misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mustaqilligimizning 24 yilligi arafasida yurtimizning barcha hududlarida yangi sanoat korxonalari, ta'lim va tibbiyot muassasalari, san'at va sport saroylari, yo‘l va ko‘priklar, zamonaviy uy-joylar qurib bitkazildi. Istiqlol yillarida shakllangan ezgu an'anaga ko‘ra, ularning aksariyati eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz arafasida foydalanishga topshirilmoqda.


Prezidentimiz Islom Karimov 25 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Toshkent – mamlakatimiz timsoli, betakror Vatanimiz ko‘rku tarovati, mustaqillik yillaridagi taraqqiyotni o‘zida mujassam etgan azim poytaxtimizdir. Prezidentimiz rahnamoligida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shahar o‘zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, zamonaviy qiyofaga ega bo‘lmoqda. Milliy me'morlik an'analari va zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan turar joylar, ijtimoiy obektlar, mehmonxonalar, yo‘l va ko‘priklar, so‘lim bog‘u xiyobonlar shahar ahli va mehmonlariga qulay sharoit yaratmoqda.

Ma'lumki, asrlar davomida Toshkentning Eski shahar qismida uylar pala-partish qurib kelingan. Oqibatda tor, egri-bugri ko‘chalar hosil bo‘lgan. Odamlarning munosib turmush kechirishi uchun mutlaqo sharoit yo‘q edi. Bu holat zamonaviy megapolisga aylanib borayotgan, avtomobillar soni tobora ko‘payayotgan poytaxtimiz qiyofasiga yarashmay turgan edi.

Prezidentimiz g‘oyasi asosida Eski shaharni qayta qurishning bosh rejasi ishlab chiqildi. Unga muvofiq, mazkur hududni zamonaviy shaharga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. 2013 yili Xadra maydonida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. 2014 yili Olmazor va Shayxontohur tumanlarida yangi yo‘llar qurildi. Joriy yilning may oyida Sebzor va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishgan chorrahada yangi zamonaviy ko‘prik ochildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 23 yillik bayrami arafasida mazkur hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, yangi yo‘llar, ko‘priklar, zamonaviy uylar, kommunikatsiyalar barpo etish, aholining yashashi va dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Ushbu tavsiyalar asosida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Nurafshon ko‘chasining qurilishi aholi uchun katta qulaylik yaratish bilan birga, Eski shaharni zamonaviy maskanga aylantirish borasidagi ishlarga keng yo‘l ochdi. Har tomoni 4 tasmali bu yo‘l transportlar harakatini yengillashtirdi. Ko‘cha bilan parallel ravishda kommunikatsiyalar va muhandislik infratuzilmasi qurildi. Bugungi kunda Nurafshon ko‘chasi bo‘yida ko‘p qavatli uy-joylar bunyod etilmoqda.

Prezidentimiz yangi qurilgan mazkur turar-joy binolarini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2014 yil 20 noyabrdagi Toshkent shahrining Eski shahar qismida zamonaviy turar-joylar barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan bu yerda 160 xonadondan iborat beshta besh qavatli uy qurib bitkazildi. Yil oxirigacha foydalanishga topshiriladigan 246 xonadonli yana o‘nta turar-joy qurilishi davom etmoqda.

Binolarni loyihalashtirishda iqlim sharoitlari, sanitariya va xavfsizlik talablari, xalqimizning milliy hayot tarziga oid barcha jihatlar hisobga olingan. Ularni qurish va bezatishda zamonaviy texnologiya va materiallardan foydalanilgan.

Insonlarga har tomonlama qulaylik yaratishga qaratilayotgan e'tibor uylarning zinasidayoq ko‘zga tashlanadi. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, har bir zinapoyaning balandligi odatdagi 15 santimetrdan 12 santimetrga, nishabligi 27 gradusdan 21 gradusga pasaytirilgan. Bu odamlar, ayniqsa, keksalar uchun katta yengillik yaratgan.

Uylar bir, ikki, uch va to‘rt xonali qilib qurilgan. Xonadonlar keng va yorug‘. Masalan, ikki xonali uyning umumiy maydoni 70-80, uch xonaliniki 90-100 kvadrat metrni tashkil etadi. Shiftlarning balandligi 3 metr bo‘lib, bu ularning bahavo bo‘lishini taminlaydi. Mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasi, oshxona, yuvinish xonasi yashash va foydalanish uchun har tomonlama qulay.

Prezidentimiz bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, quruvchilarning mehnatiga yuqori baho berdi.

Turar-joylarni qurishda inson manfaatlarini inobatga olgan holda ish tutish zarur, dedi Islom Karimov. Unda yashaydiganlar hayotidan rozi bo‘lib yashasin. Ayniqsa, ayollarimiz uchun zarur sharoit va qulayliklar yaratish darkor.

Xonadonlarni joylashtirishda ham xalqimizning turmush tarzi, oilalar tarkibi inobatga olingan. Prezidentimizning tavsiyasiga binoan har bir uyning birinchi qavatida keksalar uchun mo‘ljallangan bir xonali kvartiralar va ularning ro‘parasida farzandlari uchun 3-4 xonali xonadonlar qurilgan.

Tabarruk qariyalarimiz doimo farzandlari yonida bo‘lishini xohlaydi. Shu jihatdan, yosh oila va keksalarimiz uchun alohida hamda yonma-yon xonadonlar tashkil etganimiz barchaga ma'qul keladi. Nuroniy otaxonu onaxonlar farzandlari, nabiralaridan, ular ham o‘z ota-onalari holidan xabardor bo‘lib turadi, bir hovlida yashagandek xotirjam hayot kechiradi, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimizning tavsiyasiga muvofiq, ko‘p qavatli uylar qurilishida shamol yo‘nalishi, quyosh nurining tushishigacha hisobga olingan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti ilmiy xodimlari tomonidan yil va kun davomida quyosh hududning qaysi nuqtalari ustidan o‘tishi aniqlangan. Shunga asosan uylar quyosh nuri xonalarga 2,5-3 soat tushadigan qilib joylashtirilgan. Bu yozda uyning isib ketmasligi, quyosh janubda bo‘lgan qish mavsumida esa ularni isitishni ta'minlaydi.

Binoning devorlari uy ichidagi issiqlikni saqlaydigan qilib qurilgan. Har bir xonadonda alohida issiqlik va suv isitish tizimlari o‘rnatilgan. Bu xona haroratini individual boshqarish, energiya sarfini 2 barobargacha qisqartirish imkonini beradi.

Yo‘l bo‘yidagi uylar bir qatorga emas, balki ko‘chadan har xil uzoqlikda qurilgan va oraliq masofalari keng olingan. Bu mavzeda shamol aylanishini yaxshilaydi.

Turar-joylar orasida maysazorlar barpo etilgan. Manzarali daraxtlar, rayhonlar ekilgan. Bolalar uchun o‘yin qurilmalari o‘rnatilgan. Favvora va gulzorlar tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari turar-joylarda aholi uchun qulayliklarni yanada oshirish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Xalqimiz har sohada ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritmoqda. Odamlarimiz mana shunday obod va zamonaviy uy-joylarda yashamoqda. Hamma ishlarimizdan maqsad-muddao ham aslida shu – odamlarning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishdir, dedi Prezidentimiz.

Istiqlol bergan imkoniyatlarning amaliy ifodasi bo‘lgan bunday bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqimiz farovonligi va hayot darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Manba: UzA

Top