15:25 / 26.08.2015
2549

Janubiy Koreya Eronda avtomobil va maishiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Eron savdoni rivojlantirish tashkiloti direktori Valiulla Afhamirod Janubiy Koreya savdo, sanoat va energetika vaziri o‘rinbosari Vu Txe bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Iran.ru sayti xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida Afhamirod Koreyaga Eron hududida avtomobil va maishiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. U o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2.4 mlrd dollarni tashkil qilganini, uning asosiy qismi Janubiy Koreya mahsulotlarining Eronga import qilinishiga to‘g‘ri kelishini eslatib o‘tdi.

Ayni paytda Eronda yiliga 1.2 mln avtomobil ishlab chiqariladi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu ko‘rsatkich 3 mln donaga yetishi aytilmoqda. Bu ko‘rsatkichga erishish uchun Eron Janubiy Koreya bilan hamkorlikda avtomobillar va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ochishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Eron Janubiy Koreyada ishlab chiqariladigan maishiy texnikani eng ko‘p xarid qiluvchi mamlakat hisoblanadi.

Vu Txe, o‘z navbatida, bu taklifning har ikki tomonga manfaat keltirishini, lekin Janubiy Koreya hukumati yirik korporatsiyalarning harakatlarini nazorat qilmasligini aytdi.
“Rasmiy hokimiyat qila oladigan narsa yirik kompaniyalarga Erondagi loyihalarga investitsiya kiritish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etishdir”, - ta'kidladi u.

Top