20:25 / 26.08.2015
2747

Ostona shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining uchinchi kunida O‘zbekiston vakillari medal olishmadi

Ostona shahrida dzyudo kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida bugun erkaklar o‘rtasida -73 kg. vaznda, xotinqizlar o‘rtasida esa -57 kg. vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi ma'lum bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqaning hal qiluvchi final bellashuvida dzyudo vatani vakillari Shoxey Ono hamda Riki Nakaya jahon chempionatining oltin medali uchun o‘zaro kurash olib bordi. O‘ta murosasiz ruhda kechgan bahsda Shoxey Ononing qo‘li baland keldi. Ushbu vazn toifasida bronza medallar Changrim An (J.Koreya) va Nyam Sainjargal (Mo‘g‘iliston)ga nasib etdi.

Bugun bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda tatamiga chiqqan o‘zbekistonliklar Sharofiddin Boltaboyev va Mirali Sharipov sovrindorlar safidan joy olishmadi. Mirali Sharipov dastlabki bahsdayoq xitoylik sportchiga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Sharofiddin Boltaboyev ketma-ket uch raqibini mag‘lubiyatga uchratib, to‘rtinchi bellashuvda Riki Nakayaga imkoniyatni boy berdi.

Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda ham oltin medalga Yaponiya terma jamoasi a'zosi Kaori Matsumoto sazovor bo‘ldi. Kumush medalni Korina Kaprioriu (Ruminiya) qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sumiya Dorjsuren (Mo‘g‘iliston) hamda A. Pavia (Fransiya) bronza medallari bilan taqdirlandi.

Uchinchi kungi musobaqalar yakunlariga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 3ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda bormoqda. Ikkinchi o‘rinni bittadan oltin va kumush medalga sazovor bo‘lgan mezbonlar egallab turishgan bo‘lsa, Janubiy Koreya terma jamoasi 1 ta oltin va 3 ta bronza medali bilan uchinchi o‘rinni band etib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi bitta bronza medali bilan 120 davlat orasida 9-o‘rinda boryapti.

27 avgust kuni erkaklar o‘rtasida -81 kg. vaznda, xotin-qizlar o‘rtasida esa -63 kg. vazn toifasida bellashuvlar o‘tkaziladi. Shu kuni O‘zbekiston terma jamoasi a'zolaridan Yahyo Imomov va Muhayyo Ibragimova tatamiga chiqadi.

Top