09:57 / 26.08.2015
5476

Tojikiston janubiy chegaralari himoyasini mustahkamlamoqda

Afg‘oniston hududida hukumat qo‘shinlarining Tolibon jangarilari bilan to‘qnashuvlari Tojikiston rahbariyatini tashvishga solmoqda. Shu tufayli Afg‘oniston bilan o‘tgan chegaralarni mustahkamlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Aytilishicha, Xatlon viloyatining Farxor tumanida istiqomat qiluvchi aholiga tez-tez otishmalar eshitilib turadi, shuningdek, harbiy samolyotlarning uchishi va jangarilar pozitsiyalariga zarbalar berishi qo‘shni Tojikiston aholisining tinchligida aks etmay qolmaydi.

Chegarachilar aholini chegara zonasidan uzoqroqda bo‘lishga chaqirmoqda. Xususan, chegaraga yaqin joylashgan Jayrali qishlog‘i aholisiga ehtiyot choralarini ko‘rish va tungi vaqtda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Ushbu qishloqda joylashgan ayrim uylarning devorlarida o‘q izlari bor.

“Otishmalar odatda tungi soat 12:00dan keyin boshlanadi va ertalabgacha davom etadi, - deydi qishloqda istiqomat qiluvchi fuqaro Feruza Hamidova. – Afg‘oniston Tolibon nazoratiga o‘tsa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin”.
Qishloq yaqinida chegarachi harbiylar transheyalar qazib, chegara bo‘ylab tanklar joylashtirmoqda.

O‘z navbatida, Afg‘oniston qo‘shinlari jangarilarga qarshi kurashda bir qator muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Jumladan, yaqinda xabar qilinishicha, Farxor bilan chegarada joylashgan Darkad tumanida (Taxor viloyati) jangarilar siqib chiqarildi. Ayni paytda Tolibon kuchlari Tojikiston chegarasidan 100 km nariga surib tashlangan.

O‘nlab jangarilar yo‘q qilindi. Xususan, Badaxshonda yo‘q qilingan 8 jangarining 2 nafari qo‘mondonlar bo‘lgan.
Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining Taxor viloyati bo‘yicha komandiri Halil Asirning so‘zlariga qaraganda, tojikistonlik hamkasblar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Muallif: Eldor Asanov

Top