15:46 / 27.08.2015
9295

Samarqandda «Sharq taronalari» X xalqaro musiqa festivalining dastlabki tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda

«Sharq taronalari» X xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari Samarqand shahrining ikki darvozasi – aeroport hamda temir yo‘l vokzali orqali tantanali kutib olindi.
«Oriyent star Ko‘ksaroy», «Registon plaza» mehmonxonalariga joylashtirilgan xorijlik san'atkorlar hamda mehmonlar Samarqand yerining saxovati – Galaosiyo nonlari, shirinligu meva-chevalaridan tatib ko‘rishdi. So‘ng mehmonlarning shahardagi tarixiy obidalar, muzeylar bo‘ylab sayohati uyushtirildi.

Bangladesh, Kosta-Rika, Komor orollari, Fransiya, Eron, Yaponiya va qirg‘izistonlik san'atkorlar Registon maydonida chiqish qilishdi. Dunyoning oltmishdan ziyod mamlakatidan tashrif buyurgan guruhlar shaharning «Sug‘diyona», «Yoshlik» madaniyat va istirohat bog‘lari, Hamid Olimjon nomidagi viloyat drama va musiqa teatri, Samarqand tumanidagi Nodir Devonbegi madrasasi, Oqdaryo va Jomboy tumanlaridagi 7 va 10-son musiqa va san'at maktablarida o‘z san'atlarini namoyish etishdi.

O‘z navbatida mehmonlar Samarqand viloyatining musiqa va san'at maktablari tarbiyalanuvchilari, folklor jamoalarining rang-barang qo‘shiqlari, raqslaridan iborat konsert dasturlarini ham tomosha qilishdi.
Shuningdek, 26 avgust kuni «Registon-plaza» mehmonxonasida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Samarqand shahar hokimi A.Shukurov, festival hakamlar hay'ati a'zolari – o‘zbekistonlik O.Matyoqubov, yaponiyalik Geniche Tsugi va boshqalar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali bugungi globallashuv davrida dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, turli millat va elatlar musiqa san'atini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga xizmat qilayotganini ta'kidlashdi. Shuning uchun ham festival nufuzi ortib, bugungi kunda unda dunyoning barcha qit'alaridan san'atkor va musiqashunos olimlar qatnashmoqda.

Mehmonlarning har bir kuni mazmunli va taassurotlarga boy o‘tishi uchun Samarqand shahri va viloyat bo‘ylab sayohat, ta'lim muassasalari va madaniy-tarixiy obidalar bilan tanishuv, milliy hunarmandchilik va musiqa asboblari ko‘rgazmalari, joylarda aholi bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Festival jarayonini yoritishda 200 nafardan ortiq mahalliy va 40 ga yaqin xorijlik jurnalistlar faol ishtirok etmoqda.

Matbuot anjumanida, shuningdek, «Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi» mavzuida o‘tkaziladigan ilmiy-nazariy konferensiya haqida ham ma'lumot berildi.
Shuningdek, anjuman doirasidagi tadbirlarda xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar, san'atkorlar yurtdoshlarimiz bilan muloqotda bo‘lishmoqda. San'atsevar xalqimiz esa ularga mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimiz, har sohada rivojlanayotganimizni, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar, osoyishta va farovon hayot kechirayotganimizni g‘urur bilan hikoya qilib berishmoqda.

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi tizimidagi barcha muzeylarda «Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!» deb nomlangan ko‘rgazma bir oy davomida faoliyat ko‘rsatadi.

Top