16:59 / 28.08.2015
14992

Bolalar tarbiyasida oila va mahallaning o‘rni muhokama qilindi

“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan Senatning qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamkorligida yoshlarni ota-onalar hamda keksalarni e'zozlash ruhida tarbiyalashda mahalla va oilaning o‘zaro hamkorligini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda Senat va “Mahalla” a'zolari, jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilari bolalar tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratish lozimligi, bunda nafaqat ota-onaning, balki mahallaning o‘rni ham muhimligini ta'kidlab o‘tishdi. Bundan tashqari, bolalar tarbiyasi o‘z navbatida kelajak avlodni milliy qadriyatlar bilan tanishtirish vazifasini bajarishi ta'kidlab o‘tildi.

O‘z navbatida, kompyuter o‘yinlarining ziyoni haqida yana bir bora gapirib o‘tildi.
“Afsuski, bugun kompyuterda bolaning ongi, dunyoqarashini o‘stiradigan o‘yinlar juda kam. Kompyuter qarshisida bola, deylik, bino, xiyobon, bog‘ yaratishni o‘rgansa, uning ham ongi rivojlanadi, ham mantiqiy fikrlashni o‘rganadi. Zero, bular zamirida hurmat, e'zoz tushunchalari mujassam. Nega bugun mutaxassislarimiz shu haqda bosh qotirmaydi?”, - dedi Olmazor tuman Komiljon G‘ofurov nomli mahalli raisi Hamidjon Musayev “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusida.

“...Birinchi galda oilada otaning rolini kuchaytirish lozim, - qo‘shimcha qildi “Oila” respublika ilmiy-amaliy markazi direktori Hafizaxon Mamadaliyeva. - Negaki ota – oila ustuni, bu, ayniqsa, o‘g‘il bola tarbiyasida juda muhim. Biroq hozir tarbiya aksariyat hollarda onalar zimmasiga tushib qolmoqda. Ota faqat ro‘zg‘or tashvishlari bilan ovora bo‘lib qolib, farzand tarbiyasiga yetarlicha vaqt ajrata olmayapti”.

Top