08:02 / 29.08.2015
2848

Germaniyaga noqonuniy muhojirlar oqimi 1 yil ichida 4 barobar oshdi

Germaniyaga dunyoning turli tomonlaridan mehnat muhojirlarining kirib kelishi o‘tgan yilgi natijalarga qaraganda 4 barobar ko‘pni tashkil etmoqda. O‘tgan haftaning o‘zida mamlakatga 25 mingdan ortiq mehnat muhojiri kirib kelgan. Bu haqda 28 avgust kuni Euronews telekanali orqali Germaniya TIV rahbari Tomas de Mezer ma'lum qilgan.

"Bu misli ko‘rilmagan darajada ko‘p raqamlardir. O‘tgan 1 yil ichida muhojirlar soni 4 barobarga oshgan. Bizdan boshpana so‘raganlarning 43 foizi bu yilda qabul qilindi. Bu Germaniyadek boy davlat uchun ham ulkan muammolar keltirib chiqarmoqda", deydi vazir.

"Bu vaziyatda YeI darajasida muhim va to‘g‘ri qaror qabul qilinishi zarurati paydo bo‘lmoqda. Faqat iyul oyining o‘zida 83 mingdan ortiq mihojir Germaniyaga kirib keldi. Avgust oyi natijalari esa 100 mingdan ortiqni ko‘rsatishi mumkin. O‘tgan haftada 25 mingdan ortiq muhojir qabul qilindi. Bu juda ko‘p", deydi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi tomonidan muhojirlarga nafrat darajasi o‘sib bormoqda, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari ham oshgan.

"Mamlakatda jinoyatchilik ortdi, inson huquqlari buzilmoqda. Boshqa xalqlarni haqoratlash, ularga turli yo‘llar bilan ozor berish va muhojirlarga yordam ko‘rsatayotganlarga nafrat kuzatilmoqda. 2015 yilning birinchi yarmida bu boradagi holatlar miqdori 2014 yil davomidagi barcha shunday holatlar miqdoriga tenglashdi. Oxirgi kunlarda vaziyat yanada og‘irlashmoqda", deya qayd etadi vazir.

"Biz bu holatga siyosiy nuqtai nazardan tanqidiy ruhda qaraymiz va huquqni muhofaza qiluvchi kuchlar ko‘magiga tayanamiz", deb o‘z so‘zlarini yakunlaydi Tomas de Mezer.

Top