02:21 / 29.08.2015
10901

Samarqandda “Sharq taronalari” o‘ninchi musiqa festivali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahrida 28 avgust kuni “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand qo‘shaloq bayram og‘ushida. Mustaqilligimizning 24 yilligi va “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivaliga ko‘rilgan tayyorgarlik shaharga yanada fayz va chiroy baxsh etgan. Keng va ozoda ko‘chalar bo‘yida rang-barang bayroqlar hilpiraydi. So‘lim bog‘ va xiyobonlar tarovati kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Odamlar yuzidagi tabassum katta bayram yaqinlashayotganidan darak beradi.

So‘zda ta'riflab, qalamda tasvirlab bo‘lmaydigan his-tuyg‘ular musiqada o‘z ifodasini topadi. Uni tushunish, ta'sirini sezish uchun tarjimon shart emas. Musiqa xalqlarni, turli millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, yaqinlashtiradi.

Bugun Samarqandga kelgan kishi ana shunday bayramona, do‘stona muhitning guvohi bo‘ladi. Bu yerda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘ninchi bor o‘tkazilmoqda. Oltmish olti mamlakat san'atkorlari, minglab sayyohlar va muxlislarning bir-biriga shirinso‘zligi, ochiqyuzligini ko‘rib, davlatimiz rahbarining ilk festivalning ochilish marosimidagi quyidagi so‘zlari yodga tushadi: “Ishonamanki, bu festival har bir odamni mehru shafqatli, mehru oqibatli bo‘lishga da'vat etadi, yer yuzida barqarorlik va ahillik tabiatini uyg‘otadi. Ishonamanki, “Sharq taronalari” musiqa festivali xalqlarimiz madaniyatlarini o‘zaro boyitadi, millatimiz va dinimizdan qat'i nazar, xalqlarimizni va insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi”.

Bu olijanob maqsadlar hayotda o‘z ifodasini topmoqda. 1997 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali jahon ahlining o‘zaro madaniy muloqotga bo‘lgan hayotiy ehtiyojini ro‘yobga chiqarishda beqiyos vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muhtasham madrasalar gulgun shafaq fonida yanada go‘zal va salobatli ko‘rinadi. Betakror amfiteatr hosil qilgan bu obidalar anjumanga o‘zgacha ruh, ulug‘vorlik bag‘ishlaydi. Moviy gumbazlar rang-barang chiroqlar yog‘dusida jilolanadi. Maydon “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga yig‘ilgan tomoshabinlar bilan to‘lgan. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, san'at ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.

Festival ishtirokchilari va tomoshabinlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur anjumanning chuqur gumanistik ruhi va falsafasi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni rivojlantirish, mumtoz musiqa an'analarini asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.

YuNeSKO Bosh direktorining o‘rinbosari Erik Falt Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston tarixiy va ma'naviy merosini saqlab, barcha sohalarda barqaror rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladi.

Xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan konsert boshlanadi. O‘zbek mumtoz ashulalari dillarni rom etadi, jozibador raqslar ko‘ngillarga zavq-shavq bag‘ishlaydi. Tomoshabinlar diltortar ashulalarga jo‘r bo‘lib, raqsga tushadi. O‘zbek san'atkorlari ijrosida jahon klassik kompozitorlari asarlaridan namunalar yangraganda festival ishtirokchilariyu tomoshabinlar hayratga tushadi. Mamlakatimizda milliy san'at bilan bir qatorda jahon musiqa madaniyatining eng nodir namunalari ham sevib ijro etilishini namoyon etadi...

Istiqlol yillarida milliy musiqamizni chuqur o‘rganish va rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Shashmaqom, Katta ashula, Askiya insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YuNeSKOning Jahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, o‘nlab teatr va madaniyat saroylari, san'at yo‘nalishidagi kollej va litseylar barpo etildi.

Bolalar musiqa va san'at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi doirasida 278 musiqa va san'at maktabi foydalanishga topshirildi. Ular 30 mingdan ortiq yangi musiqa asboblari, 61 ming nusxa o‘quv qo‘llanmalari, milliy va jahon musiqasi notalari bilan ta'minlandi.

“Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Nihol”, “Yurt kelajagi”, “Kamalak yulduzlari” kabi ko‘rik-tanlovlar iste'dodli san'atkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

“Sharq taronalari” festivali mamlakatimizda madaniyat va san'atga qaratilayotgan alohida e'tiborning yuksak namunasidir.

Manba: UzA

Top