20:09 / 29.08.2015
4189

USAID O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlari eksportining ko‘payishiga ko‘mak bermoqda

AQSh Xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik loyihasi (REC) Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) bilan hamkorlikda va O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Fermerlar kengashi ko‘magida “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik ishlab chiqarishi va eksportini rivojlantirish” mazusida xalqaro anjuman o‘tkazdi.

2015 yilning 24-25 avgustida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik anjuman ishida O‘zbekiston davlat tuzilmalarining 120 dan ko‘proq vakili, Latviya, Qozog‘iston, Ukraina, Rossiya, Qirg‘iziston va Belarus xarid kompaniyalari, O‘zbekiston agrofirmalari va fermer xo‘jaliklari, biznes va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.

Tadbirdan asosiy maqsad O‘zbekiston meva-sabzavotchilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarida sotish bozorlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi hamda agrobiznesni ishlab chiqarishdan boshlab sotishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarida rivojlantirish jarayonlarini takomillashtirishning muhim masalalari muhokama qilindi. Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligi istiqbollari, davlat-xususiy mulkchilik hamkorligining qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida tutgan o‘rni, mahsulotlarning xalqaro standartlarga mos kelishi va ularni sertifikatlashtirish, meva va sabzavotlarni qayta ishlash, mahsulotlarni logistika va transportirovkalash masalalarini muhokama qildilar. Anjuman doirasida o‘zbekistonlik meva-sabzavotchilik mahsulotlari eksportchilarining Yevropa, Yevroosiyo va Markaziy Osiyolik xaridorlar bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

USAID REC loyihasi anjumani O‘zbekiston meva-sabzavotchilik tarmog‘ining eksport salohiyatini kengayshtirishga yanada ko‘maklashishga qaratilgan. 2015 yilda Farg‘ona va Samarqandda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va xarid kompaniyalari o‘rtasida 300 mln dollardan ortiqroq summaga meva-sabzavotchilik mahsulotlarini eksport qilish istagi bildirilgan bayonnomalar imzolandi.

Top