14:57 / 02.09.2015
15847

Oliy harbiy bojxona instituti tinglovchilari qasamyod qabul qildi

Davlat bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona institutida joriy yilda institutga qabul qilingan tinglovchilarning “Harbiy va bojxonachi qasamyodi”ni qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Parlament, tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari, ota-onalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davlat hokimiyati tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lmish bojxona xizmati mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlarining himoyasi bilan shug‘ullanadi. Tabiiyki, bu jarayonda zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakaga va amaliy tajribaga ega bo‘lgan yosh bojxonachi kadrlarning o‘rni beqiyos.

2003 yilda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbuslari bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mintaqasida yagona Oliy harbiy bojxona institutida hozirgi kunda bojxona ishi va yurisprudensiya mutaxassisliklari bo‘yicha  malakali bojxonachi kadrlar tayyorlanmoqda. Shu paytga qadar mazkur dargohda tahsil olgan 800 dan ortiq bojxonachi kadrlar hozirda respublikamizning turli bojxona organlarida xizmat qilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Raisi F.Dadaxojayev, Qonunchilik palatasi deputati Q.Jo‘rayev, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi Z.Dusanov, O‘zbekiston bojxona xizmati faxriylari uyushmasi raisi D.Kudriddinov va boshqalar bojxona xizmatining eng muhim mezoni – adolatli bo‘lish, qonunlarga og‘ishmay amal qilish ekanligini, bojxona xodimidan nafaqat o‘z kasbining sirlarini chuqur egallash, balki xalqimiz ma'naviyati hamda oliyjanob axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etishi zarurligini alohida ta'kidlashdi.

Ayni vaqtda institutdagi 11 ta kafedra, ixtisoslashgan dars xonalari, kimyo va kriminalistika laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulot maydonchalari, shuningdek, ikkita zamonaviy yotoqxona, kutubxonalar, sport majmuasi,  trenajyor zallari, tir, yozgi va qishki suzish havzalari, tennis korti  va boshqa zarur inshootlar tinglovchilar ixtiyoridadir. Institut qoshida tashkil etilgan Axborot resurs markazi fondida esa 2,2 ming nomdagi 40 mingdan ortiq adabiyotlar jamlangan.

Shuningdek, oldindagi to‘rt yilllik tahsil davomida institutning professor-o‘qituvchilar jamoasi ularga bojxona sohasidan saboq beradilar. Qolaversa, har o‘quv yili yakunida tinglovchilar Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy bojxona boshqarmalarida malakaviy amaliyot o‘tash imkoniyatiga ham egadirlar.

Tantanalar Oliy harbiy bojxona instituti qoshida tashkil etilgan havaskor ansambl va harbiy orkestr tomonidan tayyorlangan konsert dasturiga ulanib ketdi.

Top