10:57 / 02.09.2015
3973

Samsung yangi Gear S2 “aqlli” soatlar modelini taqdim qildi

Samsung Electronics kompaniyasi o‘zining bozordagi mavqeini yaxshilash maqsadida Gear S2 “aqlli” soatlari modelini taqdim qildi.

“Samsung Gear S2 doira ko‘rinishi, an'anaviy intuitiv foydalanuvchi interfeysi va ilg‘or ko‘rsatkichlarga ega. Bu ko‘rsatkichlar foydalanuvchiga mobil qurilmadan foydalanish tajribasini yaxshilash va quvnoqroq bo‘lish imkonini beradi”, deyilmoqda Samsung xabarida.

Samsung’ning “aqlli” soatlari ikki – sport va klassik variantda ishlangan va Tizen operatsion tizimida ishlaydi.

Samsung kompaniyasi hozircha Gear S2 uchun mobil dasturlarni taqdim qilmadi, biroq yangi smartwatch modelidan mobil to‘lovlarni amalga oshirish, uy elektron jihozlarini masofadan turib boshqarishda foydalanish mumkinligini aytdi. Taqvimni tekshirish va elektron pochta fuunktsiyalaridan tashqari “aqlli” soatlar foydalanuvchiga mantli xabarlar jo‘natish imkonini beradi.

Foydalanuvchilar, shuningdek, 3G texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi modelni tanlashlari mumkin, unda sim-karta ishlatiladi. Bu funksiya hozircha boshqa ishlab chiqaruvchilarning “aqlli” soatlarida mavjud emas. Apple Watch ham ko‘pchilik shunday qurilmalar kabi qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish yoki amalga oshirish uchun smartfonga yoki Wi-Fi tarmog‘iga ulanishni talab qiladi, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri.

Samsung kompaniyasi Gear S2 akkumulyatori quvvatni 2-3 kunga ushlab turishini ta'kidlamoqda. Bu Apple Watch’dagidan ko‘proqni tashkil qiladi.

Apple’ning “aqlli” soatlari 2015 yilning aprelida sotuvga chiqarilgan va yilning 2-choragida kompaniya bunday qurilmalardan 3,6 mln dona sotgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Samsung aprel-iyun oylarida 600 mingga yaqin taqib yuriluvchi qurilmalar sotgan.
IDC bergan prognozlarga ko‘ra, 2019 yilga kelib “aqlli” qurilmalar global savdosi bu yildagi 33 mln donaga nisbatan 89 mln donagacha yetadi.

Samsung kompaniyasi Gear S2 va Gear S2 classic soatlarining funksiyalarini 3 sentabrda Berlinda o‘tadigan ko‘rgazmada namoyish qiladi. Shu yerning o‘zida ushbu soatlar uchun dasturlar ham taqdim qilinadi.

Top