15:15 / 02.09.2015
3965

Samvel Babayan: Hozirgi tarkib O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng kuchlisi

Jahon chempionati-2018 saralashining ikkinchi bosqichi, 3-turi doirasidagi O‘zbekiston – Yaman uchrashuvi oldidan 2 sentabr kuni har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida xabar berildi.

Matbuot anjumanining birinchi qismida jurnalistlar savollariga O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan javob berdi. U bilan bigalikda terma jamoa yarim himoyachisi Sardor Rashidov ham anjumanda ishtirok etdi.

“Ertaga biz yangilangan jamoa bilan ilk uchrashuvni o‘tkazishimiz lozim. Yig‘inlarda imkon qadar samarali ishlashga harakat qildik. Bilasiz, iyul oyida mahalliy futbolchilar bilan yig‘in o‘tkazgan edik. Ikkinchi yig‘inga legionerlar ham jalb etildi. Xorijdagi barcha futbolchilarimiz bilan to‘liq tarkibda ikkita mashg‘ulot o‘tkazdik. Kayfiyat yaxshi, futbolchilar terma jamoa o‘yinidagi yangi g‘oyalarni to‘liq o‘zlashtirmoqda va qabul qilishmoqda. O‘ylaymanki, ertaga bo‘ladigan o‘yinda g‘alaba qozonamiz”, deya so‘z boshladi milliy terma jamoa bosh murabbiyi.

“Shoxruh Gadoyev bizning diqqat e'tiborimizda. Ammo hozirda tarkibda jamlangan futbolchilar undan ko‘ra kuchliroq. Shu sababli u terma jamoaga jalb etilmadi. Muhammadiyev haqida ham shularni aytishim mumkin. Futbolchi terma jamoaga chaqirilishi uchun ikki jihatga ega bo‘lishi kerak: optimal forma va terma jamoa falsafasiga mos kelishi. Biz ataylab terma jamoaning kengaytirilgan tarkibiga ko‘proq futbolchilarni chaqirdik. Chunki legionerlar kelgunga qadar to‘liq tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazish va o‘zaro o‘yin uyushtirish kerak edi. Keyin esa asosiy tarkibga kira olmaganlarga javob berdik”.

“Yaman yaqinda ikkita o‘yin o‘tkazdi va mana shu uchrashuvlar asosida ma'lumot yig‘dik. Biz har bir o‘yinni o‘rganib chiqdik. Shuni ham qayd etish kerakki, hozir Osiyoda kuchsiz jamoalar qolmayapti”.

“Terma jamoa bosh murabbiyligi klubdagi ishdan keskin farq qiladi. Termada asosiy ish ruhiyat bilan bog‘liq. Agar futbolchilarni o‘yinga ruhan tayyorlay olsak, o‘yin ham shunga yarasha bo‘ladi. Futbolchilar kayfiyati a'lo. Mana yonimdagi Sardor buni tasdiqlashi mumkin. Ayni vaqtdagi terma jamoa tarkibi — o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi”.

“Mas'uliyatni o‘z zimmamga olgan holda aytishim mumkin, terma jamoa ixtiyoriga kelgan har bir futbolchi – u xoh mahalliy futbolchi bo‘lsin, xoh legioner, har doim bor kuchi bilan o‘ynaydi. Bu yigitlarning barchasi vatanparvar. Ularning har biri ko‘z oldimda ulg‘aygan. Ular bilan birga men ham murabbiy sifatida o‘sganman”.

“Ayni vaqtda xorijda o‘ynayotgan 9 futbolchining barchasi terma jamoaga mos. Geynrixga keladigan bo‘lsak, biz uning o‘yinlarini kuzatib bordik va chaqirishga qaror qildik. Bizda har bir futbolchi uchun alohida ma'lumotlar bazasi bor. Ularning har bir o‘yini tahlil qilib borilmoqda, videosi saqlab qo‘yilgan”, — dedi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan.

Top