19:19 / 02.09.2015
8293

Vikipediya: Bayram muborak, O‘zbekiston!

Vikipediyaning rus tilidagi bosh sahifasida “Bilasizmi?” mavzuli rukni 31 avgust–3 sentabr kunlari O‘zbekiston mustaqilligiga bag‘ishlandi.

“Bilasizmi?” maxsus loyihasi muallifi va koordinatori Aleksandr Raykovning redpen.uz saytiga ma'lum qilishicha, mazkur g‘oya tug‘ilishi bilanoq amalga oshirilgan.
“Materiallarni jamlar ekanmiz, O‘zbekistonning tabiat hodisalari va e'tiborga molik shaxslarga boy qiziqarli mamlakat ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik”, – dedi u.
Bosh sahifada O‘zbekiston haqida joylashtirilgan qiziqarli ma'lumotlarning beshtasini e'tiboringizga havola etamiz:

1-ma'lumot: “O‘zbekiston endemik qo‘ng‘izi yashaydigan qo‘riqxonada uni osongina uchrata olmaysiz”.

Glazunova chiroyli tanali qo‘ng‘izi faqatgina O‘zbekistonning Nurota tog‘larida yashaydi. Allisthenes turiga mansub mazkur qo‘ng‘iz ilk bor 1892 yili fanga ma'lum bo‘lgan. 2001 yilda ushbu qo‘ng‘izni topish uchun uyushtirilgan ekspeditsiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Oradan bir yil o‘tib, 2002 yilda tashkil etilgan ekspeditsiyada uni uchratishgan. Hashorotning uzunligi 31 mm atrofida. Ushbu qo‘ng‘izlar mayda hashoratlar va ularning lichinkalari bilan oziqlanadi. Qo‘ng‘iz O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, Nurota qo‘riqxonasida davlat himoyasi ostiga olingan.

2-ma'lumot: “O‘rta asrlar o‘zbek irrigatorlari tektonik yoriqlarni mohirlik bilan chetlab o‘tishgan”.

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Navoiy viloyatining Nurota tumanlaridan oqib o‘tuvchi Beklarsoy tog‘ daryosi hududida 1580 yilda Buxoro amiri Abdullaxon II buyrug‘i bilan ajoyib to‘g‘on barpo etilgan. Abdullaxonbandi deb nomlangan to‘g‘onning umumiy uzunligi 85 metr, balandligi esa 14,5 metr bo‘lgan. Asosining kengligi 15,3 metrni tashkil etgan bo‘lsa, tepa qismi 4,5 metrgacha yetgan. Geologik va geofizik hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, to‘g‘on shunday joyda barpo etilganki, daryo darasining bu qismi nafaqat eng tor, balki tektonik jihatdan eng mustahkam hisoblanadi. Soyning pastki oqimidan esa ikki marotaba tektonik yoriqlar kesib o‘tadi.

3- ma'lumot: “O‘zbekiston xaritasida Parij nomi hamon saqlanib qolgan, yaqin-atrofda esa Bog‘dod, Damashq va Qohira ham bo‘lgan”.

Tarixchi A. Xidoyatovning yozishicha, buyuk sarkarda Amir Temur o‘z imperiyasining bosh shahri — Samarqandni dunyoning eng yirik poytaxtiga aylantirishni istaydi. Uning nazarida poytaxt qarshisida boshqa shaharlar qishloqlardek ko‘rinishi kerak edi. Shu maqsadda Samarqand atrofidagi qishloqlarga o‘sha paytdagi yirik Bog‘dod, Damashq, Sheroz, Parij, Sultoniya shaharlarining nomini beradi. Parij toponimi hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan bo‘lib, xalq tilida ayrim o‘zgarishlarga uchragan: Parij — Farij — Farish — Forish.

4-ma'lumot: “Bolgar musiqa festivalida Talgat Nigmatulinning “rus oq qayini” she'riga bastalangan qo‘shiqni ijro etgan o‘zbek xonandasi mukofotni qo‘lga kiritgan”.
O‘zbek estrada va jaz ijrochisi, O‘zbekiston xal artisti (1995). 1978 yili bo‘lib o‘tgan “Oltin orfey” festivalida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Botir Zokirov nomidagi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari.

Mansur Toshmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ushbu viki-maqolada uning biografiyasi, repertuarlari haqidagi ma'lumotlar va boshqalar keltirilgan.

5-ma'lumot: “Yevropaliklar go‘zalligi charosga qiyoslanuvchi o‘zbek qizlarining bor latofatini osonlik bilan anglab yeta olishmaydi”.
“Charos uzumi to‘g‘risidagi maqola bir hisobda “bezorilik” bo‘lgan edi. Biz charos, bu — O‘zbekistonning shirovori ekanini yozgan edik”.

Maqolada qora uzum navining tarqalishi, gibrid navlari va ularning an'anaviy va badiiy adabiyotdagi roli to‘g‘risida ma'lumot berilgan.

Top