18:40 / 03.09.2015
6639

“Axborot” dasturida Savitskiy muzeyidan 581,625 mln so‘mlik 5ta surat o‘g‘irlangani ma'lum qilindi

2 sentabr kuni O‘zbekiston telekanali orqali efirga uzatiluvchi “Axborot” informatsion dasturida Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida joylashgan Igor Savitskiy nomidagi san'at muzeyidan beshta suratning yo‘qolgani holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilindi.

Dasturda xabar berilishicha, 28 avgust kuni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati muzeydagi beshta suratning yo‘qolgani holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Mazkur suratlarning yo‘qolgani mutaxassislar tomonidan muzeyning 85 mingdan ortiq tasviriy ishlari ichidan 800dan ziyodi ultrabinafsha nurlanish tekshiruvidan o‘tkazilganidan so‘ng aniqlangan.

“Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, muzeyda Ganning “Dam olishda”, Kashinning “Ovulda”, Safronovning “Shlyapadagi ayol portreti”, Turusovning “Uzumzor”, Karaxanning “Lola terayotgan ayollar” kartinalari o‘rniga butunlay boshqa ijod namunalari saqlanayotgan ekan”, deyiladi syujyetda.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi Badiiy ekspertiza boshqarmasining eksponatlarni baholash komissiyasi qaroriga ko‘ra, ko‘rsatib o‘tilgan suratlarning umumiy qiymati 581,625 mln so‘mni tashkil etadi.

Bundan oldinroq, Savitskiy muzeyi direktori Marinika Babanazarovaning ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi.

Shundan so‘ng, muzey xodimlari bunga norozilik xati yozishgan.

Biroz o‘tib, O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi Babanazarova pensiya yoshidaligi tufayli vazifasidan ozod qilingani haqida ma'lum qilgan.

Shuningdek, Marinika Babanazarova o‘zining feysbukdagi sahifasida O‘zbekiston Madaniyat va sport vaziri Bahodir Ahmedov nomiga murojaatini e'lon qilib, o‘zining nohaq va asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgani haqida bayon qilgandi.

Ma'lumot uchun, Marinika Babanazarova ushbu muzey direktori sifatida 1984 yildan buyon ishlab kelgan.
Qayd etish joizki, Savitskiy muzeyi YuNeSKO hamkorligida tashkil etilgan "Xorazm oltin halqasi" turistik yo‘nalishidagi obektlar sirasiga kirgan. Muzey 2011 yilda O‘zbekistondagi eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan muzeylardan biri sifatida «Sayyohlar e'tiborini qozongan muzey» mukofoti bilan taqdirlangandi.

Top